Kecha, 7 sentyabr kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahridagi Olimpiya va Paralimpiya shaxarchasida O`zbekiston bayrog`ini ko`tarishga bag`ishlangan rasmiy marosim bo`lib o`tdi. Marosimda O`zbekiston sport delegasiyasi a`zolari, XV yozgi Paralimpiya o`yinlari tashkiliy qo`mitasi va Rio-de-Janeyro meriyasi vakillari ishtirok etishdi, deya ma`lum qilmoqda O`zbekiston MOQ matbuot xizmati.
Olimpiya va Paralimpiya shaxarchasi meri, basketbol bo`yicha Braziliya termasi tarkibida jahon chempionligiga erishgan Janet dus Santush Arkain xonim O`zbekiston delegasiyasini Paralimpiadaga tashrifi bilan qutlab, ularga bo`lg`usi musobaqalarda omad yor bo`lishini tiladi.
O`zbekiston delegasiyasi rahbari, O`zbekiston Milliy paralimpiya assosiasiyasi raisi o`rinbosari Umid Axmadjonov Olimpiya va Paralimpiya shaharchasi meriga minnatdorchilik bildirib, unga delegasiya nomidan sovg`alarni taqdim etdi.
XV Paralimpiya o`yinlarining tantanali ochilish marosimi Toshkent vaqti bilan bugun, 8 sentyabr tongida bo`lib o`tdi.





