Bugun, 29-noyabr kuni soat 05:05da Sergeli tumani Nilufar 3-tor ko`chasida “Uzmill” MChJ hududida ishchilar uchun joylashgan yotoqxonada birlamchi ma`lumotga ko`ra, havo-gaz aralashmasining chaqnashi va buning oqibatida yong`in sodir bo`lgan. Bu haqda Favqulotda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Voqea joyida 43 nafar ishchi bo`lgan, yong`in oqibatida ulardan 18 nafari har xil turdagi kuyish tan jarohati bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga joylashtirilgan. Hodisa oqibatida halok bo`lganlar yo`q.
Voqea sodir bo`lgan joyga 4 ta yong`in-qutqaruv ekipaji soat 05:08da etib borib, yong`in soat 05:29da qurshab olingan va soat 05:43da batamom o`chirilgan.
Hodisa tafsilotlarini o`rganish uchun Toshkent shahar prokurorining birinchi o`rinbosari rahbarligida Toshkent shahar FVB, IIB, SSB, Hududgaz ta`minoti rahbarlaridan iborat tezkor tergov guruhi tashkil etilgan.
Birlamchi ma`lumotga ko`ra, havo-gaz aralashmasining chaqnashiga gaz quvurlarining nosozligi oqibatida xonaga gaz to`planishi sabab bo`lgan.






