Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev o`zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ko`pchilikni qiziqtirgan "snos" masalasiga to`xtalib o`tdi va ommani ajoyib yangilikdan xabardor qildi.
Deputatning qayd etishicha, anchayin e`tiroz va muhokamalarga sabab bo`lgan "snos" masalasi endi qonun osti hujjatlari bilan emas, balki Qonun orqali tartibga solinadigan bo`lmoqda.
"Er uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish tartib-taomillari to`g`risida"gi yangi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ko`rib chiqish boshlandi",-deydi Kusherbaev.
"Hozircha 42 moddadan iborat shaklda kiritilgan qonun loyihasi jismoniy va yuridik shaxslarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijara huquqi asosida tegishli bo`lgan er uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi hamda ushbu er uchastkasi va unda joylashgan ko`chmas mulk ob`ektlarining huquq egalariga kompensasiya berish tartib-taomillarini belgilashdan iborat.
Ushbu Qonun jismoniy va yuridik shaxslarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo`lgan, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarining doimiy foydalanishida bo`lgan er uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmasligi ko`rsatilmoqda. Nihoyat "snos" masalasi qonunosti hujjati emas, qonun orqali tartibga solinadigan bo`lmoqda. Bu manfaatlar to`qnashuvi sharoitida yaxshi qadam",-deydi u.






