AsosiyDunyo

Misrda O`zbekiston milliy madaniyati namoyish qilindi

'Misrda O`zbekiston milliy madaniyati namoyish qilindi'ning rasmi

  O`zbekistonning Qohiradagi elchixonasi ishtirokida Misrning "Al-Azhar" diniy majmuasida tahsil olayotgan o`zbekistonlik xotin-qizlar tomonidan O`zbekiston davlat bayrog`i qabul qilingan kun munosabati bilan  milliy urf-odatlar va taomlarini namoyish etuvchi madaniy tadbir o`tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. 

Ushbu marosimda "Al-Azhar" diniy majmuasi rahbariyati, muassasada tahsil olayotgan Malayziya, Indoneziya, Nigeriya va boshqa qator davlatlardan talaba xotin-qizlar qatnashishgan. 

Ma`lumotga ko`ra, tadbir avvalida o`zbek ayollari faoli Muqaddas Haydarova O`zbekiston Davlat bayrog`i qabul qilingan kun munosabati bilan mamlakat razmi va uning tarixi haqida yig`ilganlarga batafsil ma`lumot bergan.

Ta`kidlanishicha, o`zbekistonliklar tomonidan namoyish etilgan milliy urf-odatlar, xususan, o`zbek kelinlari tarbiyasi, oila odobi to`g`risidagi sahna chiqishlari mehmonlarga manzur bo`lgan.

"Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Xorazmiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug`bek kabi buyuk allomalarni tarbiyalab voyaga etkazgan o`zbek ayollarining oiladagi o`rni va qadri xorijliklar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Ayniqsa, misrlik va boshqa yurt vakillari o`zbek milliy pazandachiligiga yuqori baho berib, palov, somsa, qatlama va boshqa lazzatli taomlarni tayyorlash sirlaridan voqif bo`ldi",-deya alohida ta`kidlanadi xabarda.

Unda aytilishicha, "Al-Azhar" rahbariyati kelgusida bu kabi tadbirlarni muntazam o`tkazish, o`zbek xalqi madaniyati va urf-odatlarini keng yoyish orqali turli millatlar o`rtasida do`stlik va hamjihatlikni mustahkamlashdan manfaatdorligini bildirgan. 

    Boshqa yangiliklar