Shanba kuni Eronda koronavirusdan yana 21 kishi vafot etgani tasdiqlandi. Bu bilan Eronda virus qurbonlarining umumiy soni 145 kishiga etdi. Ular orasida tehronlik deputat Fatehmeh Rahbar ham bor, deya xabar bermoqda tarjumon.uz Eronning mahalliy axborot agentliklariga tayanib.
Virusning so`nggi qurbonlari haqida ma`lumot bergan sog`liqni saqlash vazirligi vakili o`tgan 24 soat ichida 1000 dan ziyod insonda ushbu epidemiya aniqlanganini aytdi. Shanba kungi ma`lumotlarga ko`ra, Erondagi kasallanganlarning umumiy soni 5,823 tani tashkil qilmoqda.
Eronda koronavirus hukumat a`zolarini ham chetlab o`tmayapti. 2 mart kuni Muhammad Mirmohammadi o`lganligi haqida xabar berilgandi. U Kengash a`zosi bo`lgan. Shuningdek, Sog`liqni saqlash vazirining o`rinbosari Iraj Xarirchi va parlamentning yana bir a`zosi Mahmud Sadeghi virusni yuqtirib olganliklarini aytishgan.
Hukumat avj olgan virusning tarqalishini to`xtatish uchun ish olib borar ekan, Eronning Masjid ma`muriyati barcha yig`ilishlar va tantanalarni qoldirdi, deydi Mehr axborot agentligi.






