Ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda koronavirus bilan bog`liq vaziyat tufayli 15-mart kunidan boshlab ta`til e`lon qilinishi haqida ma`lumot tarqatildi. Ushbu xabarlarga Xalq ta`limi vazirligi quyidagicha izoh berdi.
"Xalq ta`limi vazirligi mazkur ma`lumot noto`g`riligini ma`lum qiladi. O`quvchilar o`tgan yillarida bo`lganidek, 21 mart kunidan navbatdagi ta`tilga chiqadi. Ta`til etti kun davom etadi.
Ta`kidlash lozimki, Xalq ta`limi vazirligi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan muntazam aloqada. Shu bilan birga, Xalq ta`limi vazirligi va Sog`liqni saqlash vazirligi maktablarda koronavirus tarqalishini oldini olishga qaratilgan chora tadbirlarni kuchaytirish bo`yicha qo`shma qaror qabul qilgan.
O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda koronavirus infeksiyasining oldini olish borasidagi tavsiyalarini posterlar shaklida chop etdi va ular maktablarga tarqatildi.
Xalq ta`limi vazirligi zaruriyat tug`ilganda vaziyat rivojlanishi haqidagi ma`lumotlarni e`lon qilib boradi".






