Xabaringiz bor, kecha Respublika Xotin-qizlar qo`mitasi binosida Zulfiya mukofotiga tasliqlangan qizlarni yoshirincha tayyorlashayotgani haqida gapirgan video internet tarmoqlarida tarqalgandi.
Kuni kecha Vazirlar Mahkamasi binosi yonida Farg`ona, Namangan viloyatlari va Toshkent shahridan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti respublika saralash bosqichi ishtirokchilari to`planishdi. Bu haqda xuman internet sayti yozmoqda.
Farg`ona, Namangan viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan qizlar saralash bosqichlaridagi fikrlari, tanqidiy munosabatlarini bildirishdi. Suhbat davomida qizlar o`zlarining fikriga xayrixoh bo`lgan boshqa hudud nomzodlari ham oz emasligini, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiya a`zolari nomzodlarni qaysi mezonlar asosida saralanganiyu, respublika bosqichida o`tkazilgan suhbat ballari nega e`lon qilinmagani, shuningdek, nomzodlarning faoliyati nima uchun OAVda keng yoritilmagani haqida gapirishdi.
Ularning fikricha, javoblar allaqachon chiqqan. Ammo bu sir tutilgan. Shu payt sobiq Xotin-qizlar qo`mitasi vakillaridan — Gulnora opa Marufova hamda Sayyora opa (familiyalarini bilib qololmadik) kelishdi. Barchasiga aniqlik kiritish maqsadida qizlarni qo`mita binosiga olib ketishdi. U erda Elmira Bositxonova bilan yuzma-yuz suhbat bo`ldi.
Chamasi ikki soatlar davom etgan suhbat avvaliga yovqarashroq kinoyalar bilan boshlandi. Bu ish qizlar uchun nomunosibligi, aslida Zulfiyaxonim izdoshlari har qanday vaziyatda og`ir bo`lishi xususida gapirildi. Ammo sal turib bu holat ona va qizning opa va singilning o`zaro dardlashuviga aylandi. Sababini quyida izohlaymiz.
Bundan bir necha kun oldin Shoxsanam Xolboeva (Toshkent shahridan qatnashgan nomzod) tomonidan olingan va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videoga javoban, Elmira opa hali Prezidentning qarori chiqmagani, shaxsan o`zlarining qo`liga etib kelmagani va javoblar hali chiqmaganini aytdi. Hattoki, har yili 8 mart bayramiga bag`ishlab o`tkazilayotgan tadbir tayyorgarlik jarayoniga ham umuman aralashmayotganliklarini aytdi. Mukofotga sovrindor qizlarning allaqachon tayyorgarlik ko`rayotgani haqidagi fikrlar qat`iy rad etildi. Demak, ularning fikricha, hali ham javoblar chiqmagan.
Bundan tashqari, nomzod 6-7 nafar qizning barcha takliflari o`rganildi va kelgusida amaliy natija ko`rsatadigan bo`ldi. Ya`ni bular:
Endilikda ta`lim, fan va jamoatchilik yo`nalishlarida 25 yoshdan baland xotin-qizlar qatnasha oladi. Negaki, ilm-fan sohasida biror yutuqqa erishish uchun etarlicha bilim va malaka kerakligi, maktab yoshidagi qizlarning bu yo`nalishlarda amaliy jihatdan imkoni yo`qligi ta`kidlandi. Shuning bilan birga, ilm bilan shug`ullanayotgan qizlar uchun Zarifa Saidnosirova nomidagi mukofot yoki tanlov o`tkazish taklif etildi va bu Elmira Bositxonova tomonidan ma`qullandi.
Qolaversa, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta`sis etilganidan buyon o`tgan 20 yil ichida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri tumanlar kesimida mukofotga sazovor bo`lmagan tumanlar o`rganilishi va mana shu hududlarga ko`proq e`tibor qaratilishi lozimligi haqidagi taklif ham o`rinli deb topildi. Ishchi guruh bu masalaga alohida yondashishi belgilab qo`yildi.
Yuzma-yuz, ochiq-oydin kechgan suhbat rahbar ayollarning hayotiy sinovlarni boshdan kechirgani, turli to`siqlarga duch kelganlari va ularni qanday enib o`tganliklari — xullas dardkashona ruhdagi samimiy muloqot maydoniga aylandi. Eng muhimi, qizlar tinglandi, o`zlarining fikr-mulohazalarini bemalol bayon etishdi. Albatta, bular amalga tadbiq etila boshlasagina jamiyatda iliq fikrlar yanayam keng yoyiladi. Hech bir davlatda mutlaqo gender tengligiga erishish oson kechmagan. Maqolaning davomi bor.






