Biotexnologiya laboratoriyasi Respublikadagi eng yirik ilmiy laboratoriyalardan biri bo`lib, O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg`or texnologiyalar markazi bazasida faoliyat ko`rsatadi. Mazkur laboratoriya tadqiqot natijalarining yuqori aniqligi va ishonchliligini kafolatlaydigan kuchli zamonaviy ma`lumotlar bazasiga egaligi bilan diqqatga sazovordir.
Molekulyar genetikaning asosiy yo`nalishlaridan biri insonning irsiy va multifaktorial kasalliklarining genetik asoslarini o`rganishdir. Kasalliklar rivojlanishiga olib keladigan genlar polimorfizmlari, shuningdek tug`ma patologiyalarning rivojlanishi uchun mas`ul genetik mutasiyalar o`rganish bugunga kundagi dolzarb masalalardan bo`lib kelmoqda.
Biotexnologiya laboratoriyasi faoliyatining hozirgi kundagi muhim yo`nalishlaridan biri dori vositalariga sezuvchanlikning irsiy asoslarini o`rganishdan iborat. Farmakogenetika personallashtirilgan tibbiyotni rivojlantirishning eng samarali va istiqbolli yo`nalishlaridan biridir. Farmakogenetika bemorning farmakologik reaksisiga ta`sir ko`rsatuvchi genetik xususiyatlarini o`rganadi. Dorining, uning qanday dozlalarining samarali bo`lishi yoki buo`lmasligi o`rganiladi. Foyda beradi, deb yozib berilgan dorilar bemorning sog`ligiga idjobiy ta`sir etish o`rniga faqat nojo`ya ta`sir qilyaptimi, degan savollarga javob beradi. Bemorlarning genetik jihatdan o`ziga xos xususiyatlarini aniqlash orqali har bir insonga alohida yondashish, terapevtik omadsizliklarning va jiddiy nojo`ya ta`sirlarning oldini olish imkonini beradi. Negaki dorilarning yoppasiga buyurilishi oqibatida hozirda yondosh kasalliklarning rivojlanishi, sog`liqning buzilishi, hatto o`lim holatlari ham kuzatilmoqda, shuningdek sog`liqni saqlash uchun harajatlar oshib bormoqda.
Dorivor moddaning biotransformasiyasi (o`zlashtirilishi) maxsus moddalar (fermentlar)ning bir butun guruhi tomonidan bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Fermentlarning sintezi qat`iy genetik nazorat ostida bo`ladi. Muayyan genlar mutasiyaga uchraganda, fermentlarning tuzilishi va xususiyatida irsiy buzilishlari sodir bo`ladi, natijada fermentning o`zi yoki uning funksiyasi o`zgarib, preparatning to`g`ri so`rilmasligi holati yuzaga keladi. Bu preparatning dozasini oshirish yoki kamaytirish zaruriyatini taqazo etadi.
Bundan tashqari, genetik mutasiyalar dori tashuvchi oqsillarda va hujayra membranasidagi reseptorlar va transport kanallarida sodir bo`lishi mumkin.
Mazkur mutasiyalar odatda preparatning farmakokinetikasini o`zgartirish orqali (ya`ni, uning harakati: assimilyasiya, tarqatish, metabolizm yoki chiqarish) yoki preparatning ta`sirini o`zgartirish orqali (masalan, preparatning farmakologik ta`siriga sezuvchanlikni o`zgartiradigan biologik yo`llarni buzish orqali) terapiya samaradorligi va xavfsizligiga ta`sir qiladi.
Biotexnologiya laboratoriyasida yaratilgan genetik biomarkerlar farmakologik reaksiya buzilishlarini aniqlaydi. Klinik amaliyotda ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarda keng qo`llaniladigan muhim dorilarga sezuvchanlikning farmakogenetik belgilarini qo`llash farmakoterapiyaning samaradorligi va xavfsizligini oshiradi, bu o`z navbatida kardiologik, onkologik, yuqumli va psixiatrik kasalliklarga chalingan bemorlarning umrini oshiradi.






