Farg`ona shahar prokuraturasi tomonidan Farg`ona Davlat Universitetida kirish imtihonlari natijalari soxtalashtirilganligi holati yuzasidan JKning 228-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Bu haqda "Darakchi.uz" ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Tergovda aniqlanishicha, Farg`ona Davlat Universiteti prorektori A.A. 2019-2020 o`quv yili uchun “Jismoniy madaniyat” imtihon komissiyasining mas`ul kotibi etib tayinlanib, 2019 yil iyul oyida o`tkazilgan “Jismoniy madaniyat” fakultetiga kirish imtihonlari jarayonida komissiyaning boshqa a`zolari bilan jami 18 nafar abiturientlarning imtihon natijalarini sun`iy ravishda oshirib ko`rsatib, soxtalashtirishlari natijasida ushbu abiturientlar oliy ta`lim muassasiga o`qishga qabul qilingan.
04.03.2020 yilda shahar prokuraturasi tomonidan Universitet prorektoriga nisbatan JKning 205-moddasi 1-qismi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayb e`lon qilindi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.






