Boshsiz topilgan omsklik Dmitriy Fyodorov ishi bo`yicha tafsilotlar paydo bo`ldi. Bu haqda 5 mart, payshanba kuni Transport tergov qo`mitasi rasmiy ma`lumotiga tayanib «Rambler.ru» xabar berdi.
Mahkamaning ma`lum qilishicha, Fyodorov temir yo`l yonida turgan. Ta`kidlanishicha, unga yaqinlashib kelayotgan mashinist ogohlantiruvchi signal bergan, biroq rossiyalik e`tibor bermagan. Elektrichka juda yaqin qolganda, Fyodorov poezd ostiga qadam qo`ygan va mashinistning shoshilinch to`xtashi ham uni bosib ketishdan asrab qololmagan.
Biroq Fyodorovning o`zini poezd ostiga tashlagani suratga olingan video mavjud emas, chunki elektrichkada videoregistrator o`rnatilmagan. Odamning temir yo`lga yaqinlashayotgani tasvirga olingan video ham yo`q.
Ustiga-ustak, Transport tergov qo`mitasi xabariga ko`ra, halok bo`lgan odamning qonida alkogol va giyohvand moddalar aniqlanmagan.
Dekabrning oxirida xabar qilinishicha, Omskdagi temir yo`lda 25 yoshli Fyodorovning boshsiz tanasi topilgan. O`limidan bir necha kun oldin u polisiya xodimlari unga giyohvand modda «tashlab qo`yganini» xabar bergandi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar o`z joniga qasd qilish taxminini ham ilgari surgandi. Keyinchalik tergovchilar Fyodorovning poezd g`ildiraklari ostida halok bo`lganini ma`lum qilishdi.
2019 yil 18 dekabr kuni Fyodorov video murojaat orqali 15 dekabr kuni ko`chada uning yoniga ikki nafar Rosgvardiya xodimi kelganini, uni giyohvand modda tarqatganlikda gumon qilganini ma`lum qiladi. Tekshiruv vaqtida ulardan biri Fyodorovning kurtkasi cho`ntagiga qo`lini soladi va u erdan bitta, ikkinchi cho`ntagidan yana to`rtta o`ralgan moddani chiqaradi, deb ta`kidlagan Fyodorov. U foydalanuvchilardan ushbu voqeani ommalashtirish uchun yordam so`ragan va bunday holatga hamma tushib qolishi mumkinligin aytgan.






