Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda ayol kishi tomonidan qabristonda olingan bir video tarqaldi. Unda ayol bolasining qabri uch oy o`tgach eksgumasiya qilish maqsadida ochilayotgani, bu nohaqlik ekani hamda bolaning o`limida aybdorlar jazosiz qolgani haqida hayajonlanib aytib o`tgan.
Aniqlanishicha, bu ayol qashqadaryolik F.Normurodova bo`lib, u o`zining huquqiy maslahatchisi T.Dovlatova bilan birga “Marhum nabirasining jasadi o`limidan uch oy o`tganidan keyin eksgumasiya qilinganligi va o`limiga sababchi bo`lgan shaxslar himoya qilinayotganligi” mazmunida maqola ham chop etgan. Ushbu vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Bosh prokuraturaga murojaat qilganimizda, bu ish viloyat prokuraturasi tomonidan o`rganilgani ma`lum qilindi. Bizga berilgan xabarda qayd etilishicha, Koson tumani Shaboda ko`chasida yashovchi G.Qayumovaning 2019 yil 14 oktyabrda tug`ilgan o`g`il farzandi 2019 yil 16 oktyabr kuni viloyat ko`p tarmoqli bolalar shifoxonasida vafot etgan. F.Normurodova marhum chaqaloqning buvisi hisoblanadi.
F.Normurodova va uning huquqiy maslahatchisi T.Dovlatovalarning arizasiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko`ra, marhumning o`limi sababi va aybdor shaxslar doirasini aniqlash uchun jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan, tabiiyki, tergov harakatlari olib boriladi. Bu jarayonda esa marhumning o`limi sababini aniqlash uchun sud tibbiy ekspertizasi o`tkazilishi ham mumkin.
Bu holatlar marhumning oila-a`zolariga tushuntirilgan. Lekin shunga qaramay, F.Normurodova tergov tugashini kutmay, ijtimoiy tarmoqlarda nabirasining o`limiga sababchi bo`lgan shaxslarga chora ko`rilmayotgani haqida chiqishlar qilgan. F.Normurodova 2019 yil 4 dekabr va 2020 yil 17 yanvarda murdani eksgumasiya qilishga qarshilik ko`rsatib, ushbu jarayonda har xil asossiz talablarni qo`yib, sud ajrimini ijro etishga qat`iy to`sqinlik qilgan.
Jinoyat prosessual kodeksi talablaridan kelib chiqqan holda marhumning jasadi F.Normurodovaning qatnashuvisiz, ekspert, tezkor tergov guruhi xodimlari va xolislar ishtirokida eksgumasiya qilinib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, F.Normurodova viloyat prokurori tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar hamda ularning vakillarini qabul qilish tartib-qoidalarga asosan bir necha marotaba qabul qilinib, jinoyat ishi yuzasidan unga huquqiy tushuncha berilgan.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Koson tumanida 2020 yilning 28 yanvar kuni holatiga go`daklar o`limi 5 tani tashkil etib, barcha holatlar yuzasidan hozirgi kunda Koson tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.Viloyat prokuraturasi jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan tergov va tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko`ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanishini nazoratga olgan.
05.03.2020 11:24
Qashqadaryoda chaqaloq qabri nega oradan uch oy o`tgach ochilgan?






