Kecha, 4 mart kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi Shumanay tumanida 12 gektar er maydonida barpo etilayotgan “Yoshlar bog`i”ga ko`chatlar ekilishi boshlandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O`zbekiston Mudofaa vazirligi rahbariyati, Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi, senatorlar, Nukus harbiy prokuraturasi, Milliy gvardiya va O`zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy bo`linmalari hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek yoshlar va muddatli harbiy xizmatchilardan iborat tashabbuskor guruhlar ishtirok etdi.
Ushbu hayrli tashabbus va yangi tajriba birinchi bo`lib Shumanay tumanida tashkil etilayotgani hamda ilgari tashlandiq va chakalakzordan iborat bo`lgan bo`sh erlarni obodonlashtirish uchun katta kuch va imkoniyatlar safarbar etilgani uchun Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`yicha o`rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiev tuman hokimligiga o`z minnatdorchiligini bildirib, mana shunday savobli ishlarga harbiy xizmatchilar har doim tayyor ekanligini ta`kidladi. Shundan so`ng, vazir o`rinbosari yangi tashkil etilayotgan “Yoshlar bog`i”dagi ilk ko`chatni yaxshi niyatlar bilan ekib berdi.
Ushbu tashlandiq bo`lib yotgan 50 gektarga yaqin er maydonida oldin begona o`tlar hamda o`tib bo`lmas darajada chakalakzorlar mavjud edi. Endilikda erning 12 gektar maydonida 60 ming tup mevali daraxtlardan iborat ko`rkam bog`, yana 40 gektarga yaqin joyda esa obodonlashtirish ishlari olib borilib, shundan keyin uni imtiyozli ravishda ekin ekish uchun yoshlarga berilishi rejalashtirilmoqda.
“Yoshlar bog`i”ni yaratishda faol ishtirok etgan tashabbuskor guruhlar hamda harbiy xizmatchilar “Armiya va xalq – bir tanu, bir jon!” degan ezgu g`oyaning amalda isbotini ko`rsatib, ko`chatlarni birgalikda o`tqazishdi.
Hasharga kelgan aholi uchun Shumanay tuman hokimligi tomonidan bayramona dasturxon yozilib, katta qozonda palov damlandi.
Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy va qo`shiqlar hasharchilarning kayfiyatini ko`tarib, g`ayratiga yanada shijoat bag`ishladi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






