Markaziy bank Boshqaruvining 2020 yil 5 martdagi qarori bilan asosiy stavka yillik 16 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirildi
Ushbu qaror tartibga solinadigan narxlarning kutilayotgan erkinlashtirilishi hamda koronavirus bilan bog`liq bo`lgan tashqi iqtisodiy noaniqliklarning kuchayishi bilan izohlanadi.
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko`ra inflyasiyaning eng yuqori darajasi joriy yilning ikkinchi choragida kuzatilishi mumkin. Ayni vaqtda, 2020 yilning ikkinchi yarmida tariflar o`sishining inflyasiyaga ta`siri pasayib boradi va yil oxirida inflyasiya darajasi prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqinlashadi.
O`tgan yillardagi inflyasiya xususiyatining tahlili shuni ko`rsatadiki, davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar va xizmatlar narxlarining muntazam tizimli ravishda oshirib kelinishi inflyasiyaning asosiy omillaridan bo`lgan. Ta`kidlash joizki, ushbu sohalarda narxlar shakllanishining bozor tamoyillarini joriy qilishni kechiktirish keyinchalik ham narxlarni har yil oshirib borishni talab qiladi. Bu, o`z navbatida, qo`shimcha inflyasion bosimni yaratishda davom etadi va 2023 yilga kelib inflyasiya bo`yicha maqsadli ko`rsatkichga – targetga erishishni qiyinlashtiradi.
Narxlarning o`zgartirishni bir bosqichda amaga oshirish orqali bozor tamoyillarini joriy etilishi inflyasiyaga ma`lum darajada qisqa muddatli ta`sir ko`rsatishi mumkin, biroq bu, o`z navbatida, ishlab chiqarish jarayonlarini rivojlantirish yo`lidagi muammolarni bartaraf etishga, respublika hududlarida energiya resurslaridan foydalanish imkoniyatlarining kengayishiga hamda tovarlar va xizmatlar taklifi hajmining ko`payishiga xizmat qiladi.






