AsosiyJamiyat

Samarqandda II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti boshlandi

'Samarqandda II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti boshlandi'ning rasmi

Ayni paytda Samarqandda Evropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi bo`yicha vakili Arlem Dezir, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi va Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi hamkorligida tashkillashtirilgan II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti boshlandi, deya xabar qildi tadbirda ishtirok etayotgan "Darakchi" muxbiri Manzura Bekjonova.

Samarqand shahrida EXHTning OAV erkinligi masalalari bo`yicha vakili Arlem Dezir bilan hamkorlikda ikkinchi marotaba tashkillashtirilayotgan xalqaro darajadagi ikki kunlik tadbirda EXHT mintaqasi va Markaziy Osiyo davlatlaridan 40 dan ziyod yuqori malakali ekspert-mutaxassislar, yurist-huquqshunoslar, sudyalar ishtirok etmoqdi. 

Xalqaro anjumanda OAV va so`z erkinligini ta`minlashda milliy sud tizimlarining o`rni bo`yicha mavzular muhokama qilinadi. Ushbu tadbir dunyo miqyosidagi yangi tendensiyalar, so`z erkinligi hamda ommaviy axborot vositalarining cheklov va to`siqlarsiz faoliyat yuritishi bilan bog`liq dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun, shuningdek, bu borada yuzaga keladigan muammolarni hal etish bo`yicha fikr va tajriba almashish uchun platforma bo`lishi ko`zda tutilgan.

Ma`lumki, ayrim hollarda sud hokimiyati milliy xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurashish va jamoatchilikni himoya qilish fikrlaridan kelib chiqib, so`z erkinligini cheklashga yon bosishga majbur bo`ladilar. Shundan kelib chiqib, “II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti” doirasida so`z va OAV erkinligi borasida xalqaro standartlar muhokama qilinadi, shuningdek, milliy xavfsizlik, adovat, tahqirlash, diffamasiya, ya`ni tuhmat masalalari ham keng qamrovda ko`rib chiqiladi.

Xalqaro anjumanni EXHTning OAV erkiniligi masalalari bo`yicha vakili Arlem Dezir va Milliy mass-mediani rivojlantirish va qo`llab-quvvatlash jamoatchilik fondi Vasiylik kengashining raisi Komil Allamjonov ochib berishi rejalashtirilgan.

Muloqotning birinchi kunida uchta asosiy sessiya bo`yicha nutqlar tinglanadi va fikr almashiladi. Jumladan, xavfsizlik masalalari, jamoatchilik manfaati va so`z erkinligi; Markaziy Osiyoda millatlararo va diniy adovatni qo`zg`atishga qarshi huquqiy choralar; Markaziy Osiyo va EXHT hududida diffamasiya bo`yicha nizom to`g`risida bahs-munozaralar bo`lib o`tadi.

Tadbirda, shuningdek, Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisining o`rinbosari Saida Mirziyoeva, Oliy sud raisi o`rinbosari Baxtiyor Isakov, chet ellik mutaxassislar so`zga chiqishadi.

Muloqotning ikkinchi kunida Markaziy Osiyo mintaqasida presedent qarorlar taqdimoti o`tkaziladi. Unda adovat keltirib chiqarishga oid sud ishlari, shuningdek, internet OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi tuhmat va haqorat masalalari muhokama qilinadi.

    Boshqa yangiliklar