Kecha, 3 mart kuni O`zbekiston mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`yicha o`rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiev Shimoli-g`arbiy harbiy okrugiga xizmat safari davomida Nukus shahrida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Nazarboy ota Tojiboev xonadonida mehmon bo`lib, nuroniy holidan xabar oldi.
Nazarboy otadan oldin urushga uning katta akasi Saparniyoz boradi. U Stalingraddagi ayovsiz janglarda qatnashadi. O`sha janglarda fashistlarning qo`mondoni general Paulyus qo`lga olinadi. Esingizda bo`lsa, kinolarda ko`rsatilgan janglardan birida univermag binosidan qo`llarini ko`targancha “engilmas” deb tan olingan generalni sovet ittifoqi askarlari quvib chiqarishadi. Ha, bu o`sha general Paulyus, eng daxshatli fashist qo`mondonini qo`lga olish jarayoni edi. Keyinchalik Saparniyoz ota Leningrad mudofaasi janglarida ishtirok etayotgan vaqtda dushman zarbidan og`ir tan jarohati olib, 1944 yilda urushdan qaytadi.
Nazarboy otaning dadasi Ismoil Tojiboev ham Ikkinchi jahon urushida janggohlarda fashizmga qarshi fidoyilarcha kurashadi. Ammo g`alaba kunigacha etib kelmaydi. 1944 yilda, uyga qaytish chog`ida Ismoil ota Orol dengiziorqali kelayotgan kemada jon beradi. Yaqin qarindoshlari bilan oxirgi marta ko`rishishi uchun unga atigi bir necha soat vaqt etmaydi...
1942 yilning 22 iyun kuni Nazarboy otaning o`zi frontga otlanadi. U quruqlikdagi qo`shinlar polki tarkibida Rjev tagidagi Bryanshinadagi janglarda dushman bilan mardonavor kurashadi. Otaxon janglarda bir necha bor yaralanadi, ammo uyiga eson-omon qaytadi.
Otaxon urushdan qaytgach, 1951 yilda Nukus pedagogiga institutining rus tili va adabiyoti fakultetida tahsil ola boshladi. 1956 yildan 1992 yilgacha “Qoraqalpog`iston” va “Bilim” nashriyotlarida faoliyat olib bordi. Shu davr ichida turmush o`rtog`i Bazar aya Saimbetova bilan 10 nafar bolani el koriga yaraydigan insonlar etib tarbiyalashdi.
Mamlakatimizda obro`-e`tibor topgan Nazarboy ota Qoraqalpog`istonningnashriyotlaridagi 40 yillik mehnat faoliyati davomida 250 dan ortiq kitob va muqovalar tarjima va tahrir qilgan. O`z hayotini ilm-fan va ma`rifatga bag`ishlagan ustoz urush yillaridagi xotiralarini ham ko`plab bosma nashrlarda chop etgan.Nazarboy otaning urush yillarida ko`rsatgan qahramonligi bugun ham gazeta va jurnallarda turli maqolalar orqali o`sib kelayotgan yosh avlodga etib kelmoqda.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Dilshod Choriev, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining Qoraqalpog`iston Respublikasi hududiy bo`limi boshlig`i, senator Sharof Usnatdinov, bir guruh harbiy xizmatchilar va askarlarning tashrifidan keksalikdan nutq ravonligini yo`qotgan otaxonning ma`yus nigohi-yu, yuzlaridagi tabassumdan ko`ngli tog`dek ko`tarilganini sezish mumkin edi.
Mehmonlar bilan suhbatda otaxon qo`lini duoga ochib, “Hech vaqt urush ko`rmanglar, urush bo`lmasin...” deya bir necha bor takrorladi. Darvoqe, urushni ko`rgan insonlar tinchlikning har lahzasini o`zgacha his etishadi, o`zgacha qadriga etadi.
Hademay yaqinlashib kelayotgan 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g`alabaning 75 yilligi bayrami arafasida Mudofaa vazirligi rahbariyati va harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi tomonidan Nazarboy otaga qimmatbaho sovg`alar topshirilib, urush qatnashchisiga diqqat-e`tibor bilan qarab kelayotgan oila a`zolariga rahmat aytildi. Bugungi tinchlik va osoyishtaligimiz uchun urushda fashizmga qarshi kurashgan otaxonga minnatdorchilikbildirildi.
Nazarboy ota Tojiboev istiqomat qilayotgan mahallada Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan kuylangan Ikkinchi jahon urushi yillaridagi qo`shiqlar mahalla ahliga ham bayram shukuhini hadya etdi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






