AsosiyJamiyat

SSV: yurtimizdagi barcha bog`chalarda koronavirusga qarshi nazorat tadbirlari kuchaytiriladi

'SSV: yurtimizdagi barcha bog`chalarda koronavirusga qarshi nazorat tadbirlari kuchaytiriladi'ning rasmi

So`nggi kunlarda koronavirus infeksiyasining dunyo bo`ylab shiddat bilan tarqalayotgani tufayli epidemik vaziyat yanada qaltis bo`lib bormoqda. Shundan kelib chiqqan holda yurtimizda yuqumli kasalliklar, jumladan, koronavirus («COVID-19») infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralaridagi mavjud barcha sanitariya-karantin punktlarida qat`iy nazorat o`rnatilib, ushbu punktlar zamonaviy tibbiy jihozlar bilan to`liq ta`minlangan.

Aholi o`rtasida koronavirus infeksiyasi bo`yicha epidemiologik barqarorlikni ta`minlashga yo`naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi nazorat tadbirlari Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya talablari asosida amalga oshirilmoqda. Bu borada Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti hamda mahalliy mutasaddi vazirlik va idoralar bilan ham hamkorikda tizimli profilaktik tadbirlar olib borilmoqda.

Jumladan, vazirlik Maktabgacha ta`lim vazirligi bilan qo`shma qaror qabul qilib, unda yurtimizdagi barcha bog`chalarda koronavirus infeksiyasining profilaktikasi va nazorati bo`yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish, tegishli sanitariya choralarni amalga oshirish orqali bolalar salomatligini muhofaza qilish belgilandi.

Ushbu hujjatga asosan, endilikda bog`chalarda mas`ul xodimlar ishtirokida ertalabki filtrni tashkil etish, o`tkir respirator kasallik belgilari aniqlanganda tarbiyalanuvchilarni alohidalash hamda zudlik bilan ota-onasiga va hududiy poliklinikaga xabar berish, bolalarning qo`llarni tez-tez sovun bilan yuvishi, shaxsiy gigiena qoidalariga qat`iy rioya qilinishi bo`yicha doimiy ogohlantirish ishlari olib boriladi.

Shuningdek, maktabgacha ta`lim muassasalarida xonalarni shamollatish, doimiy ravishda dezinfeksiya vositalari yordamida kundalik tozalov ishlarini olish borish, tozalik hamda dezinfeksiya tadbirlarini kuchaytirish, muassasadagi tibbiyot xonalarini zarur tibbiy asbob-uskunalar, zararsizlantiruvchi vositalar hamda dori-darmonlar bilan ta`minlash kabi profilaktik tadbirlarni qat`iy amalga oshirish ko`rsatib o`tilgan.

Shu bilan birga, dunyodagi epidemik vaziyat barqarorlashgunga qadar xalqaro va ommaviy tadbirlarni o`tkazmaslik, chet el fuqarolari va xorijda bo`lgan fuqarolarni maktabgacha ta`lim muassasasiga vaqtincha ishga qabul qilmaslik va ularning farzandlarini esa karantin davri tugamaguncha bog`chaga olmaslik kabi qat`iy choralarni ko`rish ham mazkur hujjatda aks etgan.

Shu bilan birga, sanitariya-gigiena, epidemiyaga qarshi va dezinfeksiya tadbirlarini bajarilishi bo`yicha har bir maktabgacha ta`lim muassasasining rahbari shaxsan javobgar ekanligi to`g`risida ogohlantirildi.

Eslatib o`tamiz, koronavirus bilan bog`liq epidemiya kun sayin o`sib bormoqda. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, ayni paytda dunyo miqyosida koronavirus bilan xastalanganlar soni 93 ming nafardan oshgan. Ulardan 80 400 nafardan ziyodi Xitoyda bo`lsa, qolgan 12 700 nafardan ortig`i dunyoning 77 ta mamlakatida qayd etilgan. Ayni paytgacha kasallanganlarning 51 ming nafarga yaqini sog`ayib ketgani ma`lum qilinmoqda. 

Mavzuga oid: O`zbekiston maktablarida koronavirus sabab tegishli cheklovlar o`rnatildi

    Boshqa yangiliklar