SSV Matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, hozirga qadar dunyo bo`ylab, 92 ming nafardan ziyod inson koronavirus bilan kasallangan, shundan vafot etganlar 3100 nafardan oshgan. Shu vaqtgacha 48 ming nafardan oshiq kishi ushbu kasallikdan butunlay sog`aygan. Xastalanganlarning aksariyati, ya`ni 80 mingdan ziyodi Xitoyga to`g`ri keladi. Ushbu virusning dunyo bo`ylab shiddat bilan tarqalayotgani bois, uni yurtimizda tarqalishining oldini olish maqsadida qat`iy nazorat choralari ko`rilmoqda.
Ana shu maqsadda Sog`liqni saqlash vazirligi mamlakatimizdagi qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda koronavirus infeksiyasini yurtimizga kirib kelishini oldini olish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Vazirlik yurtimizdagi oliy o`quv yurtlari va o`rta maxsus kasb-hunar ta`limi muassasalarida profilaktik chora va nazoratni kuchaytirish, tegishli sanitariya tadbirlarini amalga oshirish orqali murabbiy va talaba-o`quvchilar salomatligini muhofaza qilish maqsadida Oliy va o`rta maxsus kasb - hunar ta`lim vazirligi bilan ham qo`shma qaror qabul qildi.
Unga ko`ra, o`qituvchi va talabalarni o`qish, malaka oshirish va tajriba almashuvi bo`yicha alohida ko`rsatma bo`lmaguncha xorijga, ayniqsa, koronavirus infeksiyasi qayd etilgan davlatlarga chiqishlarini chegaralash, barcha xalqaro tadbirlar, olimpiadalar va shu kabi boshqa tadbirlarni ham o`tkazmaslik va ularda qatnashish uchun chet mamlakatlarga bormaslik hamda O`zbekistonga kelayotgan chet ellik talaba va o`qituvchilarning vaqtinchalik kirishini chegaralash choralarini qat`iy ko`rish vazifalari belgilandi.
Shuningdek, mazkur hujjat bilan ta`lim muassasalarida talabalarning har kunlik tana haroratini o`lchash, kunlik kuzatuvlarni olib borish, o`tkir respirator infeksiya kasalligi belgilari aniqlanganlarni tibbiy punktga olib borish, talaba va o`quvchilarning shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilishlarini muntazam nazorat qilish, auditoriyalar, talabalar turar joylari va boshqa xonalarda kunlik dezinfeksiya tadbirlarini muntazam o`tkazish, tanaffus vaqtlarida barcha xonalarni shamollatish kabi profilaktik tadbirlarni qat`iy amalga oshirish ko`rsatib o`tildi.
Shu bilan birga, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish uchun sharoit yaratish, talaba va o`quvchilarga qo`llarini kuniga bir necha marotaba sovunlab yuvishini tavsiya qilish, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus infeksiyasining oldini olish bo`yicha tayyorlangan tarqatma materiallarni barcha talabalarga etkazish kabi vazifalar ham aks etgan. Bundan tashqari, sanitariya-gigiena, epidemiyaga qarshi va dezinfeksiya tadbirlarini bajarilishi bo`yicha har bir ta`lim muassasaning rahbari shaxsan javobgar ekanligi to`g`risida ogohlantirildi.
Shu o`rinda, Sog`liqni saqlash vazirligi jahonda koronavirus bilan bog`liq epidemiya tez sur`atda o`sib borayotganligini hisobga olib, yurtimizdagi barcha oliy va o`rta maxsus kasb-hunar ta`limi muassasalari mas`ullaridan yuqorida ko`rsatib o`tilgan chora-tadbirlarga qat`iy rioya qilib, uni nazorat qilishlarini so`raydi.






