Kecha, 3 mart kuni viloyat hokimi Zoyir Mirzaevning topshirig`i bilan viloyat hokimligi Odob axloq komissiyasi raisi Oliy Majlis senati a`zosi A. Erkaev va komissiya a`zolari Mirishkor tumani hokimligi faollar zalida mahalla raislari ishtirokida yig`ilish o`tkazgan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmatiga tayanib, «Nasafnews» yozdi.
So`zga chiqqanlar o`sha vaqtdagi ikki tomonning ruhiy holati, raislarning o`z vazifasiga mas`uliyatsizligi, hokimning noo`rin qo`pollik qilganligi to`g`risida turli mulohazalar bildirishgan.
Tuman hokimining ishtirokisiz o`tgan muhokama jarayoni yakunlangach komissiya raisi A. Erkaev zalga tuman hokimi B. Rajapovni taklif etdi. B. Rajapov bo`lib o`tgan noqulay holat va qo`polliklar uchun mahalla raislaridan uzr so`rab, o`sha paytdagi og`ir ruhiy holatiga izoh bergan.
Eslatib o`tamiz, 2 mart kuni Mirishkor tumani hokimining mahalla raislarini so`kkani va urgani haqidagi audio tarqaldi. Qashqadaryo viloyati hokimligi bu ovoz haqiqatdan ham Mirishkor tumani hokimi B.Radjabovning ovozi ekanligini tasdiqladi.
Shuningdek, Bosh prokuratura ushbu holat bo`yicha tekshiruvlar boshlanganini ma`lum qildi.
Shundan so`ng, so`kong`ich hokim holatni izohlab, mahalla raislarini urganini rad etdi.
Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilayotgan mazkur voqeaga bloger Xushnud Xudoyberdiev ham o`z munosabatini bildirdi. Shuningdek, haddidan oshgan hokim deputat Rasul Kusherbaev tomonidan ham keskin tanqid qilindi.






