O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi tartibini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, yangi axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda xizmatlar ko`rsatish bo`yicha vazifalarni bajarish doirasida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijga chiqish uchun biometrik pasportni rasmiylashtirish va berish tizimini takomillashtirish bo`yicha tizimli ishlar olib borilmoqda, deya xabar qildi TIV.
Xususan, 2020-yil 1-martdan boshlab MDH mamlakatlarida istiqomat qiluvchi va konsullik ro`yxatida turgan O`zbekiston fuqarolari ushbu mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarida xorijga chiqish uchun biometrik pasport olishlari mumkin.
Shu o`rinda respublika fuqarolari xorijga chiqish uchun biometrik pasportni olish va qabulga yozilish (biografik ma`lumotlar va biometrik parametrlarni topshirish maqsadida) uchun https://consulate.mfa.uz veb-portali orqali elektron ariza to`ldirishlari mumkin.
Shuningdek, vazirlik tomonidan chet el mamlakatlarida pasport rasmiylashtirish tizimini bosqichma-bosqich tadbiq etish ustida ish olib borilmoqda va uning natijalari to`g`risida vatandoshlar o`z vaqtida xabardor qilinadi.
Bundan tashqari, 1-martdan boshlab https://consulate.mfa.uz veb-portalida konsullik ro`yxatiga olish interaktiv tizimi joriy etilgan bo`lib, buni fuqarolar masofadan turib O`zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga shaxsan kelmasdan amalga oshirish mumkin.






