O`zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligidagi mamlakatimiz delegasiyasi xalqaro xususiy huquq bo`yicha Gaaga konferensiyasining Umumiy masalalar va siyosat kengashi (HCCH) yig`ilishida ishtirok etish uchun hozirda Niderlandiyada bo`lib turibdi, deya xabar beradi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.
Tashrifdan ko`zlangan asosiy maqsad – O`zbekistonning Gaaga konferensiyasiga qo`shilish jarayonlarini yakunlashdir. Bu mamlakatimizning xalqaro oilaviy va xususiy huquq me`yorlarini unifikasiya qilish tartiblarida ishtirok etish, huquqiy tizimni dunyo standartlariga muvofiq yanada rivojlantirish, xorijda davlatimiz fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Joriy yilgi 3 mart kuni O`zbekiston delegasiyasi xalqaro huquq bo`yicha Gaaga konferensiyasining Umumiy masalalar va siyosat kengashining ochilish masjlisida ishtirok etdi.
Shuningdek, Gaagadagi «Nyusport» xalqaro matbuot markaziga tashrif uyushtirish va adliya vaziri R. Davletovning «Frank Creations» portaliga intervyu berishi ham rejalashtirilgan. Unda Niderlandiyaga uyushtirilgan tashrif maqsadlari, NSSN Ustavining tan olinish vositasining topshirilishiga urg`u beriladi.
Shuningdek, O`zbekistonda sud-huquq va yuridik sohalarni rivojlantirish bo`yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, bo`lajak «Tashkent Law Spring» II xalqaro yuridik forumi haqida so`z yuritiladi. Shuningdek, ish kuni dasturidan mamlakatimiz delegasiyasining Rivojlanish huquqi bo`yicha xalqaro tashkilot (IDLO) ofisi rahbari, dasturlar va strategik tashabbuslarni ishlab chiqish direktori Ervin van der Bart hamda maslahatchi Artur van Bayntenen bilan uchrashuvi, Gaagadagi notarius ofisiga tashrif buyurishi ham o`rin olgan.
Delegasiya tashrifi Evropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda EXHTning O`zbekistondagi loyihalar koordinatori ofisi ko`magida amalga oshirilmoqda.
Ma`lumot uchun: HCCH — 1893 yilda tashkil etilgan nohukumat tashkilot. Uning maqsadi – xalqaro xususiy huquq me`yorlarini muntazam unifikasiya qilishga ko`maklashishdir. Hozirgi kunda duyondagi 82 ta davlat, Evropa ittifoqi mamlakatlari ushbu tashkilot a`zosi hisoblanadilar.






