2020 yilgi Navro`z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.
Unga ko`ra Navro`z bayramini Toshkent shahrida, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada nishonlash bo`yicha “Navro`zing – yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon O`zbekistonim!” degan bosh g`oya asosida amalga oshirish belgilab berildi.
Shuningdek:
Navro`z kunlarida inson va tabiat o`rtasidagi uyg`unlik, ona zaminga mehr va e`tibor yaqqol o`z ifodasini topishini ko`rsatib beradigan, atrof-muhitni, uning ne`matlarini asrab-avaylash, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg`usi bilan yashashga da`vat etadigan ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarni uyushtirish;
so`nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli demokratik islohotlar, xalqimizning hayoti, qalbi va ongida yuz berayotgan ijobiy o`zgarishlarni Navro`zning azaliy qadriyat va an`analariga hamohang tarzda, ta`sirchan usullarda ifoda etish;
barcha shahar va qishloqlarda tashkil etiladigan bayram tadbirlarida, ommaviy axborot vositalarida Navro`z bayramining tarixi, har bir hudud aholisi o`rtasida uni nishonlash bilan bog`liq urf-odat va an`analarning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;
xalqimizga xos bo`lgan mehr-muruvvat, ahillik va hamjihatlik fazilatlari asosida nuroniy keksalarni har tomonlama e`zozlash, ko`makka muhtoj insonlarga beg`araz yordam berish bilan bog`liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
yurtimizda millatlararo do`stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash bo`yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijalari, O`zbekiston fuqarosi bo`lgan turli millat va elat vakillarining Navro`zni nishonlashga oid urf-odatlari, an`ana va qadriyatlarini keng namoyish etish;
obodlik va farovonlik ramzi bo`lmish Navro`z bayrami arafasida shahar va qishloqlarda, mahallalarda umumxalq hasharlari, keng qamrovli obodonchilik va ko`kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
tadbirlar bo`lib o`tadigan joylarda hunarmandchilik ko`rgazmalari, kitob rastalari, ko`chma savdo do`konlari, ko`klam taomlarini tayyorlash va ularning savdosini tashkil qilish belgilandi.
Shu maqsadda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir hafta muddatda:
Navro`z umumxalq sayillari o`tkaziladigan asosiy maydonlar, xiyobonlar va ko`chalarni belgilaydi ularni milliy uslubda bayramona bezatadi hamda sahnalarni o`rnatadi;
joylarda bo`lib o`tadigan umumxalq sayillariga mahalliy folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, sirk san`ati vakillari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste`dodli estrada artistlar keng jalb etiladi;
bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos bo`lgan xalq o`yinlari, tomoshalar, ko`rgazmalar va musobaqalar o`tkaziladi, bahoriy taomlar sotiladigan ochiq oshxonalar joylashtiriladi.






