Vobkentda vafot etgan fuqarolarning nomiga suyultirilgan gazni rasmiylashtirish holati aniqlandi, deya xabar qildi "darakchi.uz"ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Vobkent tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Vobkenttumangaz” filiali mansabdor shaxslari 2019 yil davomida shartnomaga asosan, fuqarolar tomonidan foydalanilgan suyultirilgan gaz ballonlari uchun to`langan 153,9 mln so`m ijara to`lovlarini bank muassasasiga topshirmasdan talon-toroj qilinganliklari aniqlangan.
Shuningdek, bir necha fuqarolar hamda 16 ta holatda vafot etgan fuqarolar nomiga soxta shartnomalar rasmiylashtirishib, 33,8 mln so`mlik suyultirilgan gazni o`zlashtirganliklari ma`lum bo`lgan.
Mazkur holat yuzasidan “Vobkenttumangaz” filiali mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.
Eslatib o`tamiz, avvalroq, Piskent tumanida Pensiya jamg`armasi xodimi va Xalq banki kassiri vafot etganlar nomidan pensiya pullarini olib yurgani fosh bo`lgan edi.






