AsosiyJamiyat

Sizlar oddiy xizmatchisizlar. XALQ XIZ-MAT-ChI-SI! Tamom. Barchangiz shunaqasiz, viloyat hokimi ham, tuman hokimi ham — Xushnud Xudoyberdiev

'Sizlar oddiy xizmatchisizlar. XALQ XIZ-MAT-ChI-SI! Tamom. Barchangiz shunaqasiz, viloyat hokimi ham, tuman hokimi ham — Xushnud Xudoyberdiev'ning rasmi

Kecha Mirishkor tumani hokimining mahalla raislarini so`kkani va urgani haqidagi audio tarqaldi. Qashqadaryo viloyati hokimligi bu ovoz haqiqatdan Mirishkor tumani hokimi B.Radjabovning ovozi ekanligini tasdiqladi .

Shuningdek, Bosh prokuratura ushbu holat bo`yicha tekshiruvlar boshlanganini ma`lum qildi.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilayotgan mazkur voqeaga huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiev ham o`z munosabatini bildirdi: 

“Nima ham derdik, O`zbekistonda jami 200 dan ortiq hokim bo`lsa, ularning barchasi so`kmaydigan yoki kimnidir urmaydigan bo`lishi uchun kamida 200 yil kerak. Tarki odat amri mahol. Ammo haqorat qilgani yoki qo`l ko`targani uchun hokimlar ham ayovsiz jazo olishi kerak.

Bir narsa meni doim hayron qoldiradi. Qiziq-da, masalan hokim fuqarolarni so`ksa, qonun bo`yicha ma`muriy jazo beriladi (maksimum 40 minimal jarima). Agar teskarisi, ya`ni oddiy fuqaro hokimni so`ksa, unda bu to`g`ridan-to`g`ri jinoyat bo`ladi va hatto 1 yilgacha qamalishi ham mumkin. Qonunlarimiz nega bunaqa adolatsiz? 

Haliyam men hokimlar haqorat qilgan holatlarda shunchaki ko`z yumilib, hatto o`sha jarimani ham berishmayotgani haqida gapirmayapman. Shunchaki qonunlarimizdagi oddiy adolatsiz farqni aytyapman xolos.

Hokim kim? Xalqni pulidan oylik olib, aslida xalqqa xizmat qilishi kerak bo`lgan xizmatchimi yoki faqat Prezidentga xizmat qilishga bel bog`lab, xalqni pisand qilmaydigan va o`z hududida mutloq vakolatga ega bo`volib (qonunan emas, og`zaki), o`zi xon, ko`lankasi maydon bo`lgan shahanshohmi?

Nega davlatning birdan-bir manbai bo`lgan xalq hokimto`ralardan quyi o`rinda turishi kerak? Nega?

Yoki hokim haqorat qilgani uchun ham jinoiy javobgarlik belgilansin (axir u katta amaldor, uning harakati davlat imijiga putur etkazadi), yoki aksincha oddiy fuqarolar hokimni haqorat qilgani uchun darhol jinoyatchi sifatida qaralmasin.

Hokimlar o`zini kim deb o`ylaydi? Ularsiz O`zbekiston yo`qmi? Yoki ularsiz jamiyat rivojlanmaydimi? Ularsiz er aylanishidan to`xtab qoladimi?

Sizlar oddiy xizmatchisizlar. XALQ XIZ-MAT-ChI-SI! Tamom. Barchangiz shunaqasiz, viloyat hokimi ham, shahar va tuman hokimlari ham.

Sizlar bor bo`lganingiz uchun xalq bor emas, aksincha xalq borligi uchun Sizlar borsiz. Prado yoki Taxoe degan mashinalarni xalq mindirib qo`ygan Sizga. Xalqning peshona teri bilan topgan pullaridan to`lagan soliqlari tufayli kerilib hokimlik qilib yuribsiz.

Gapirtirsa, ko`pchilik hokimlar bir xil plastinkani aylantirishadi: ish ko`p, uxlashga ham vaqt yo`q, 1 daqiqa tinim bilmay mehnat qilyapmiz, sog`lig`imizni yo`qotyapmiz va h.k. Lekin bu birortangizga xalqni, fuqarolarni haqorat qilish, ularga qo`l ko`tarish huquqini bermaydi. Agar shunaqa huquqim bor deb o`ylasangiz, bekorlarni beshtasini aytibsiz.

Albatta hamma hokimlar ham so`kong`ich emas, hamma hokimlar ham qo`l ko`tarmaydi. Umuman hech kimni haqorat qilmasdan yoki urmasdan o`z hududini gullatayotgan hokimlar ham yo`q emas. Ularga ming rahmat, baraka topishsin, ilohim. Ammo ular anchayin kam.

Miyani emas, til va qo`lni ishlatsam, zo`r hokim bo`larkanman, deb o`ylaydiganlari ancha ko`proq, ming afsuski. Yuqorida aytganimday, barcha hokimlar aqlli bo`lishi uchun 200 yil keragov...” — fikr-mulohazalarini  yakunlagan bloger.

    Boshqa yangiliklar