Navoiyda “Obodonlashtirish” boshqarmalari rahbarlarining 3,6 mlrd so`m byudjet mablag`larini talon-toroj qilganliklari fosh etildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i bizga xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Navoiy shahar va Karmana tumani “Obodonlashtirish” boshqarmalari mansabdor shaxslari noqonuniy daromad orttirish maqsadida, pul mablag`larini naqdlashtirish faoliyati bilan shug`ulanib kelgan korxonalar rahbarlari bilan oldindan til biriktirgan. “P.Service”, “N.Invest”, “I.Service”, “G.Service” hamda “I.Avalon” nomli MChJlardan o`rtacha bozor narxi 256,8 ming so`m bo`lgan “S.Street Light-100 W” projektorlarini 922,0 ming so`mdan va o`rtacha bozor narxi 556,7 ming so`m bo`lgan “S.Street Light-200 W” rusumli projektorlarini 1,4 mln so`mdan xarid qilishib, jami 3,6 mlrd. so`m byudjet mablag`larini talon-toroj qilinganliklari fosh etildi.
Mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar va Karmana tumani “Obodonlashtirish” boshqarmalari mansabdor shaxslari hamda yuqoridagi MChJlarning rahbarlariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






