Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasi mamlakatimizga kerib kelganligi haqidagi, asoslanmagan xabarlar tarqalmoqda. Ushbu xabarlar mutlaqo yolg`on bo`lib, ayni paytga qadar yurtimizda koronavirus kasalligi umuman qayd etilmadi. Bu haqda SSV rasmiy xabar berdi.
Shu o`rinda ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasiga yuqumli kasalliklar, jumladan, “COVID-19” koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralaridagi mavjud 53 ta sanitariya-karantin punktlarida qat`iy nazorat o`rnatilgan. Ushbu punktlar zamonaviy tibbiy jihozlar bilan to`liq ta`minlangan.
Aholi o`rtasida koronavirus infeksiyasi bo`yicha epidemiologik barqarorlikni ta`minlashga yo`naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi nazorat tadbirlari Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya talablari asosida amalga oshirilmoqda. Bu borada Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti hamda mahalliy mutasaddi vazirlik va idoralar bilan ham hamkorikda tizimli faoliyat olib borilmoqda.
Afsuski, yuqoridagi kabi yolg`on xabarlar aholining sarosimaga tushishiga sabab bo`lmoqda. Shu bois, Sog`liqni saqlash vazirligi aholidan koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq vaziyatdan xavotirga tushmasliklarini, agar ushbu holat bilan bog`liq savollar bo`lsa, vazirlik huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining (71) 276-46-65, (71) 276-49-66 telefon raqamlariga murojaat qilishlarini so`raydi.






