AsosiyJamiyat

Suriya va Iroqdan qaytarilganlarni jamiyatga moslashtirish bo`yicha O`zbekiston tajribasi o`rganiladi

'Suriya va Iroqdan qaytarilganlarni jamiyatga moslashtirish bo`yicha O`zbekiston tajribasi o`rganiladi'ning rasmi

Bugun, 3 mart kuni Toshkentda «Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitasiya va reintegrasiya qilish bo`yicha Markaziy Osiyo muloqoti: O`zbekiston tajribasi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ish boshladi.  Tadbirda o`z muxbirimiz ishtirok etmoqda.

Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi hamda qator davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda o`tkazilayotgan mazkur tadbir diniy ekstremistik tashkilotlar saflaridan qaytgan shaxslarni tinch yashash sharoitlariga moslashtirish bo`yicha mamlakatimiz tajribasini o`rganishga qaratilgan. Unda Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston davlatlarining vazirlik, idora va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, O`zbekistondagi xalqaro tashkilot va diplomatik korpus xodimlari va xorijiy ekspertlar ishtirok etmoqda.

Ekspertlar so`nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan bunday fuqarolarning to`liq hayotga qaytishlari uchun sharoit yaratishga qaratilgan qator choralar ko`rilganini ta`kidlashdi. Jumladan, 2017 yil radikal e`tiqodlarining xatolarini anglagan va davlat uchun xavf tug`dirmaydigan radikal harakatlar tarafdorlarining «qora ro`yxati» qayta ko`rib chiqildi. 2018 yilda 4 mingdan ziyod qamoqda jazo o`tayotgan diniy ekstremistik harakatlarga aloqador, qilgan ishidan pushaymon shaxslar avf etildi. 2019 yilda esa «Mehr-1» va «Mehr-2» insonparvarlik operasiyalari doirasida 261 nafar ayollar hamda bolalar Yaqin Sharq mamlakatlaridagi urush o`choqlaridan qaytarildi.

Bunday kishilarga o`z vaqtida tibbiy, psixologik, moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatish bo`yicha davlat darajasida amaliy chora-tadbirlar ko`rilgani, hozirda ular uchun  jamiyatga integrasiyalashuv, ta`lim, uy-joy, bandlik kabi sharoitlar yaratilgani qayd etildi.

Konferensiyaning amaliy qismi sifatida 4 mart kuni qaytib kelganlarni jamiyatga moslashtirish bo`yicha olib borilayotgan ishlarni o`rganish maqsadida Surxondaryo viloyatining Termiz shahriga tashrif uyushtiriladi. Maqsad - bu borada O`zbekiston tajribasini mintaqaviy va xalqaro hamjamiyatga etkazish, shuningdek, Markaziy Osiyo hamda qo`shni mamlakatlarda ushbu tajribadan foydalanish uchun samarali takliflar ishlab chiqishdan iborat.

    Boshqa yangiliklar