Sal avval Namangan shahridagi umumta`lim maktablaridan birida dars boshlanishi arafasida parfyumeriya mahsulotlari savdosi bilan shug`ullanilganlik holati bo`lgani va bu bo`yicha o`rganish ketayotgani haqida xabar qilgan edik.
Ayni paytda Namangan viloyat xalq ta`limi boshqarmasi Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, mazkur holatga aniqlik kiritish va vaziyat qaysi maktabda bo`lganligini o`rgangan holda xulosa qilish uchun Namangan shahar xalq ta`limi bo`limi tomonidan ishchi guruhi tuzildi.
Ishchi guruhi tomonidan aniqlanishicha, mazkur holat shahardagi 18-umumiy o`rta ta`lim maktabida bo`lganligi aniqlanib, ushbu ilm maskanida holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o`tkazildi. Ma`lum bo`lishicha, 18-umumiy o`rta ta`lim maktabi 10-B sinfida ingliz tili darsi paytida ushbu fan o`qituvchisi M. Sharipova dars tashkil etmasdan, o`quvchi-qizlar bilan har xil mavzuda gaplashib, gap orasida savdo sotiq bilan shug`ullanishi to`g`risida ham o`quvchi-qizlar bilan suhbatlashgan. Ushbu holat sinfdagi o`quvchilardan biri tomonidan video tasvirga olinib, boshqa bir sinfdoshining uyali aloqa vositasi orqali videolavha ijtimoiy tarmoqqa jo`natiladi.
O`rganish natijalariga ko`ra, mazkur masala yuzasidan tezkor yig`ilish o`tkazilib, unda kelgusida bunday holat qayta takrorlanmasligi, maktabda mobil telefonlardan foydalanish qoidalariga rioya qilish, dars paytida o`qituvchining ham, o`quvchining ham butun diqqati o`tilayotgan mavzuda bo`lishi zarurligiga e`tibor qaratildi. O`qituvchilardan darslarni sifatli o`tish, o`z navbatida, o`quvchilardan intizomli, ma`naviyatli bo`lish talab qilindi.
O`rganish yakuni bo`yicha ingliz tili fani o`qituvchisi M. Sharipova ishda yo`l qo`ygan kamchiliklari uchun u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Maktab rahbarlariga o`qituvchi va o`quvchilar ustidan etarlicha nazorat olib bormaganliklari uchun intizomiy jazo “Xayfsan” berildi.






