O`zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018-yil 27-aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida 1-4-sinf o`quvchilarining haftalik o`quv soati jami 88 soat belgilangan. Endi O`zbekistondagi maktablarda o`quv soatlari kamaytiriladi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, amalda bu soat 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan me`yordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli, boshlang`ich sinflarning o`quv soatlari Sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga muvofiqlashtirildi.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi hamda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan 2019-yil 30-sentyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 tashabbusini amalga oshirish to`g`risida”gi majlis bayoni ijrosini ta`minlash maqsadida umumiy o`rta ta`lim maktablarida doimiy tarzda ommaviy sport turlari musobaqalarini o`tkazish orqali o`quvchilarning jismoniy sog`lom bo`lishlari, ular o`rtasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish ishlari yo`lga qo`yilgan.
Shu sababli, 1-4-sinflarda “Jismoniy tarbiya” fanining haftalik o`quv yuklamasi 1 soatdan belgilandi.
Endilikda “Chaqiruvga qadar boshlang`ich tayyorgarlik” fani o`qituvchisi “Jismoniy tarbiya” fani o`qituvchisi bilan hamkorlikda o`quvchilar o`rtasida turli sport musobaqalarini o`tkazadi.
Shunga ko`ra, 10-11-sinflarda “Chaqiruvga qadar boshlang`ich tayyorgarlik” fanining haftalik o`quv yuklamasi 1 soatdan belgilandi.
Xalq ta`limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan umumiy o`rta ta`lim maktablari uchun 2020-2021 o`quv yiliga mo`ljallangan tayanch o`quv rejasida ham bu qayd etildi.






