AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vazirligi: Umumta`lim muassasalarida sanitariya-gigiena va epidemiyaga qarshi choralar kuchaytiriladi

'Sog`liqni saqlash vazirligi: Umumta`lim muassasalarida sanitariya-gigiena va epidemiyaga qarshi choralar kuchaytiriladi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi mamlakatimiz hududiga koronavirus infeksiyasini kirib kelishini oldini olish maqsadida qator vazirlik, qo`mita va agentliklar bilan hamkorlik qilib, ushbu muassasalar tasarrufidagi idora xodimlarini dunyodagi bugungi qaltis epidemik vaziyatdan ogoh etib, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, shaxsiy gigienaga qat`iy rioya qilishga chaqirmoqda. Kuni kecha vazirlik yurtimizdagi mavjud 9950 ga yaqin  umumta`lim muassasasida tegishli sanitariya choralarni amalga oshirish orqali xodimlar va o`quvchilarning salomatligini muhofaza qilish maqsadida Xalq ta`limi vazirligi bilan qo`shma qaror qabul qildi. 

Unga ko`ra, yurtimizdagi barcha ta`lim muassasalarida profilaktika choralari va nazoratini kuchaytirish, ushbu masalada ogohlikni oshirish, o`qituvchi va o`quvchilarni shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilinishi, mas`ullar ishtirokida ertalabki filtrni tashkil etish, maktabga kelmagan xodim va o`quvchilarning ahvolidan xabar olish, o`tkir respirator kasallik belgilari aniqlangan o`quvchilarni zudlik bilan ota-onasi va hududiy oilaviy poliklinikaga xabar berish kabi qator vazifalar aniq belgilab berildi. 

Shuningdek, ushbu hujjatda dunyodagi epidemik vaziyat barqarorlashgunga qadar xalqaro va ommaviy tadbirlar hamda sport musobaqalarini zarurat bo`lmasa o`tkazmaslik, ayniqsa, chet el fuqarolari va xorij davlatlarida bo`lib kelganlarning ta`lim muassasalariga ishga, ularning farzandlarini esa  vaqtincha karantin davrida o`rta maktabga qabul qilmaslik choralarini qat`iy ko`rish bilan bog`liq vazifalar ham aks etgan. 

Shu bilan birga, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar, jumladan, ta`lim muassasalarida tozalik 

va dezinfeksiya tadbirlarini kuchaytirish, o`quvchilarning qo`llarini tez-tez sovun bilan yuvish, aksa urganda albatta tirsak bilan yopish va boshqa gigiena qoidalari bo`yicha tushuntirish ishlarini olib borish, har tanaffus vaqtida sinfxonalarni shamollatish, muassasalarda kundalik tozalov ishlarida dezinfeksiya vositalaridan doimiy foydalanish  choralarini ko`rish kabi profilaktik tadbirlarni qat`iy amalga oshirish ko`rsatib o`tildi.

 Umumta`lim muassasalarida sanitariya-gigiena, epidemiyaga qarshi va dezinfeksiya tadbirlarini bajarilishi bo`yicha har bir ta`lim muassasaning rahbari shaxsan javobgar ekanligi to`g`risida ogohlantirildi.

Sog`liqni saqlash vazirligi jahonda koronavirus bilan bog`liq epidemiya sur`ati har soatda tez o`sib borayotganligini hisobga olib, mamlakatimiz bilan Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Afg`oniston kabi qator davlatlarga parvozlar cheklanib, vaqtincha to`xtatilganligi ayni muddao bo`ldi, deb hisoblaydi.

    Boshqa yangiliklar