O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish bo`yicha jiddiy islohotlar amalga oshirilayotganligi, tizimdagi ayrim kamchiliklar mavjudligi hamda xodimlarning malakasini oshirish va maqsadli tayyorlash tizimini tashkil etish zaruriyati ta`kidlandi.
Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish ko`p jihatdan xorijiy davlatlarning ilg`or tajribalarini soha xodimlariga etkazish hamda amaliy faoliyatga tadbiq etish bilan uzviy bog`liq. Ayniqsa, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish jarayonida soha xodimlari tomonidan zamonaviy texnika vositalaridan foydalanishlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda joriy yil 25-27 fevral kunlari Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida vazirlikning Bosh ekspert-kriminalistika markazi bilan hamkorlikda Belarus Respublikasining “Regula” kompaniyasi etakchi mutaxassisi A.L. Makarevich ishtirokida ekspert-kriminalistika bo`linmalari xodimlari uchun seminar-trening o`tkazildi.
Seminar-treningda ekspert-kriminalistika bo`linmalari xodimlari uchun “Regula” 4305DMH rusumli videospektral komporatori qurilmasidan foydalanib, barcha turdagi hujjatlar, pul, qimmatbaho qog`ozlar va boshqa hujjatlarning haqqoniyligini tekshirish yuzasidan zarur bilimlar berildi.
Sir emaski, bugungi kunda hujjatlarni qalbakilashtirish hamda shu yo`l bilan turli jinoyatlarni sodir etish nafaqat bizning mamlakatimizda, balki butun dunyoda eng ko`p sodir etiladigan jinoyatlar sirasiga kiritilgan.
Mazkur qurilmaning afzalligi shundan iboratki, ekspertizaga taqdim etiladigan barcha turdagi hujjatlar, jumladan, xorijiy davlatlarning pasportlari, shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar, transport vositalari hujjatlari, banknotalar, aksiz va maxsus markalar hamda pul kupyuralari va boshqa qimmatli qog`ozlarning namunalari uning xotirasiga yuklatilgan bo`lib, endilikda bu kabi ekspertizani o`tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlarning haqiqiy namunalarini qidirish zarurati mavjud emas.
Bu esa, tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov davomida muammoli holatlarga aniqlik kiritish hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga samarali xizmat qiladi.
Shu bilan birga, mazkur qurilma imkoniyatlaridan foydalangan holda korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish, xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov jarayonida hujjatlarni o`rganish va ular yuzasidan sifatli tadqiqotlarni o`tkazish mumkin. Bu esa, o`z navbatida jinoyat haqiqati va adolatini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, mazkur qurilmaning imkoniyatlaridan chegara va migrasiya xizmatlari, bojxona organlari, sud-ekspertlik tashkilotlari, bank muassasalari tomonidan ham xizmat faoliyatida foydalanish mumkin.
Tashkil etilgan mazkur seminar-trening jarayonida hujjatlarning texnik ekspertizasiga oid turli muammoli vaziyatlarni bartaraf etishda “Regula» 4305DMH rusumli videospektral komporatori qurilmasining imkoniyatlari batafsil tushuntirildi va namoyish qilindi.
O`tkazilgan seminar-trening yakunida barcha ishtirokchilarga tegishli sertifikatlar topshirildi.
Akmal Boboev, podpolkovnik
O`zbekiston respublikasi IIV Malaka oshirish instituti kafedrasi boshlig`i.






