Qishloq xo`jaligi sohasi magistratura mutaxassisliklari o`quv jarayonini yanvar oyidan boshlashi mumkin. Bu haqda “Toshkent davlat agrar universitetini 2030 yilgacha bo`lgan innovasion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo`yicha 2020 yilga mo`ljallangan “Yo`l xaritasi” loyihasida keltirib o`tilgan.
Hujjatga asosan qishloq xo`jaligida agrotexnik tadbirlar mavsumiyligini inobatga olib, dissertasiyalarda ikki yillik ilmiy-amaliy dala tajribasi natijalari qamrab olinishini ta`minlash maqsadida qishloq xo`jaligi sohasi magistratura mutaxassisliklari o`quv jarayonini yanvar oyidan boshlash rejalashtirilgan.
Bunda kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida magistratura mutaxassisliklari o`quv jarayonini yanvar oyidan boshlash bo`yicha o`quv rejalari, fan dasturlari va o`quv jarayoni jadvalini ishlab chiqish ko`zda tutilgan.
Shuningdek, magistratura mutaxassisliklari uchun o`quv yuklamalarini shakllantirish va professor-o`qituvchilar bilan ta`minlash mo`ljallanmoqda.
Mas`ul ijrochilar — o`quv ishlari bo`yicha prorektor (C. Islomov), Ilmiy ishlar va innovasiyalar bo`yicha prorektor (K.Sultonov), Filial direktorlari (E.Toreniyazov, K.Komilov).
02.03.2020 09:18
Ayrim magistratura talabalari o`qishni yanvar oyidan boshlaydi






