Poytaxt yo`llarida ikki g`ildirakli transport vositalarining soni tobora oshib bormoqda. Qish faslida kichik gabaritli transport kamaygani sababli, avtomobil haydovchilari yaqin atrofda ikki g`ildirakli transport bo`lishi mumkinligi haqida o`ylamaslikka odatlanib qolishadi. Ammo ushbu odat yo`l-transport hodisalariga sabab bo`lishi mumkin.
Masalan, 26 fevral kuni 47 yoshli Eduard Sh. “Matiz” rusumli avtomobilda (davlat raqami 01 K 619 HA) Mirobod tumani Mehrjon ko`chasidagi shahar psixiatriya shifoxonasi yaqinida harakatlanganda, 24 yoshli Ravil M. – “Irbis” rusumli motosikl (davlat raqami 01 242 BA) haydovchisini o`tkazib yubormagan. To`qnashuv natijasida motosikl haydovchisi boshqaruvni yo`qotib, yo`lga yiqilgan. Haydovchilarning baxtiga hodisa tan shikastlarisiz yakun topib, faqatgina vaqt yo`qotish va asabiylashish bilan cheklandi.
Ammo hodisa oqibati boshqacha bo`lishi ham mumkin edi. Yaqindagina yuqoridagi manzilda “Nexia” avtomobili va “Nonda CBR 600RR” rusumli motosikl to`qnashuvi yuz berdi. YTH natijasida motosikl haydovchis 1-son Respublika klinik shifoxonasiga og`ir tan shikastlari bilan etkazildi, bir-ikki hafta o`tgach, jarohatlar tufayli hayotdan ko`z yumdi. Avtomobil haydovchisi O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganligida aybdor topildi. Bu haqda saytimizda batafsil xabar berganmiz. Ammo afsuski, yuqoridagi holatlar takrorlanib turmoqda.
Hurmatli haydovchilar! Unutmang, kichik gabaritli transportni yo`lda payqash qiyinroqdir. Biz sizga biror harakatni (manyovrni) amalga oshirishdan oldin atrof xavfsiz ekanligiga takror ishonch hosil qilishingizni tavsiya etamiz. Harakatlardan oldin nafaqat oynaga qarash, balki boshni ham burib qarash kerak: shunda kichik gabaritli transportni payqash imkoniyati oshadi. Har qanday muammoning oqibati bilan to`qnashishdan ko`ra, uning oldini olish afzal. O`zingizni va yo`l harakatining boshqa qatnashchilarini asrang, oq yo`l!






