AsosiyJamiyat

«Solo Travel Safety Report – 2019» reytingida O`zbekiston beshinchi o`rinni egalladi

'«Solo Travel Safety Report – 2019» reytingida O`zbekiston beshinchi o`rinni egalladi'ning rasmi

Dunyo mamlakatlaridagi rivojlanish jarayonlari turli yo`llar bilan tahlil qilib boriladi. Xususan, «The Economist» (EIU) jurnalining 1946 yilda asos solingan analitik bo`limi – «The Economist Intelligence Unit»ning asosiy maqsadi mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar hamda yirik transmilliy koorporasiyalar uchun biznesni tahlil qilish hisoblanadi.

Albatta, biznes barqarorligini ta`minlash, mamlakatda tadbirkorlikni yo`lga qo`yish uchun, birinchi navbatda, investisiya kiritilayotgan davlatdagi tinchlik muhim ahamiyatga ega. «Economist Intelligence Unit» tashkiloti har yili mamlakatlarning tinchlik bo`yicha Global indeksini (Bu indeks dunyodagi tinchlikni, davlat ichidagi zo`ravonlik darajasi va tashqi siyosatining tajovuzkorligini o`lchaydigan keng qamrovli ko`rsatkichdir) e`lon qilib keladi. O`zbekiston 2005 yilda 163 mamlakat o`rtasida 113-o`rinni egallagan bo`lsa, 2019 yilda esa 102-o`ringa ko`tarildi. Qo`shni mamlakatlar bilan o`rnatilgan yaxshi qo`shnichilik munosabatlari, chegaralar ochiqligi barobarida bu ko`rsatkichning ijobiy tarafga o`zgarib borishi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mustahkam asosga ega ekanligidan dalolat beradi.

Yaqinda «Wegoplace» onlayn sayohat xizmati 2019 yilda yolg`iz holda sayohat qiluvchilar uchun eng xavfsiz bo`lgan «Solo Travel Safety Report – 2019» hisobotini e`lon qildi.

Mutaxassislar 142 mamlakat aholisi o`rtasida so`rovnoma o`tkazishdi. Savollar esa aholining mahalliy polisiyaga bo`lgan ishonchi, tungi vaqtda shahar atrofidagi xavfsizlik, sayyohlar uchun turli ko`ngilsizliklar, talon-toroj qilish kabi holatlarning mavjudligi yoki yo`qligidan kelib chiqqan holda tuzildi.

Bu ro`yxatda Singapur (97 ta) eng yuqori xavfsizlik indeksiga ega ekanligi ma`lum bo`ldi. Undan keyin Norvegiya, Islandiya va Finlyandiya (har birida 93 ta). Quvonarlisi, reytingda beshinchi o`rinni O`zbekiston (91 ta) egallagan. Shubhasiz, bu yurtimiz aholisi hamda mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlarning ichki ishlar organlari tizimida xavfsizlikni ta`minlash ishiga, xavfsiz turizm sohasiga berilgan yuksak e`tirofdir.

Keyingi o`rinlarda Gonkong (91), Shveysariya (91), Kanada (90), Indoneziya (89) va Daniya (88) qayd etilgan.

Bundan tashqari, mutaxassislar yolg`iz sayohatchilar uchun eng xavfli mamlakatlar reytingini ham tuzdilar. Ular orasida Venesuela (44 ta), Afg`oniston (45) va Janubiy Sudan (54) «peshqadam»likni qo`lga kiritdi.

Giyohvand moddalar va xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashda global etakchi hisoblangan BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo`yicha boshqarmasi 1997 yili Tashkilotning Narkotiklarni nazorat qilish dasturi va Xalqaro jinoyatchilikning oldini olish markazi birlashishi natijasida yuzaga kelgan. 

Mazkur xalqaro tashkilotning aniqlashi bo`yicha mamlakatlar mezoni sifatida har bir mamlakat uchun 100 ming kishiga to`g`ri keladigan qotilliklar soni ishlatilgan. Bu reytingda O`zbekiston 2019 yilda 207 ta davlat orasida 83-o`rinni egalladi.

Og`ir va o`ta og`ir turdagi jinoyatlarning kamayishi mamlakatimizga sayyohlar oqimini kengaytirishi bilan birga, yurtimizda o`z biznesini yo`lga qo`ygan holda, qo`shimcha ish o`rinlarini yaratishni rejalashtirayotgan investorlar uchun ham ijobiy xulosa chiqarishga asos bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar