Indoneziyalik 35 yoshli ayol Sofi Partik o`zining bo`g`inlaridagi og`rig`i, oshqozonidagi muammosi, ko`zlari ostidagi ajinlari va allergiyadan qutulish uchun g`alati vositadan foydalanishga qaror qildi. U dugonasining maslahatiga ko`ra suv ichishdan voz kechdi.
Vrachlar bu muammolardan xalos bo`lishi uchun unga shifokor va kosmetologga murojaat qilishni maslahat berishiga qaramay, ayol o`z qarorida qat`iy turibdi.
«Deyli meyl» gazetasining yozishicha, Sofining “quruq ro`zasi» har kuni 13-14 soat davom etadi. Shundan so`ng u turli meva sharbatlari ichadi. Uning aytishicha, meva sharbatlaridan u organizm uchun zarur bo`lgan suyuqlikni olar ekan. Birinchi bo`lib uni tashvishga solayotgan ko`zlari ostidagi ajinlar yo`qoldi va o`zini engil his qila boshladi.
«Men “quruq ro`za” tutishni boshlaganimda tez orada organizm shishadagi yoki vodoprovoddagi oddiy suvga ehtiyoj sezmasligini angladim, - deydi Sofi. – Bu buyraklar dam olishiga yordam beradi, shundan keyin ular yaxshi ishlay boshlaydi».
Dastlabki kunlarda uning og`zi quruqshab, miyasi suv talab qila boshladi. Lekin u chidam bilan tajribasini davom ettirdi. Bir yildan buyon Sofi o`zining bu «ro`za»sini 52 soatga etkazdi. Endi esa 10 kunga uzaytirmoqchi.
To`g`ri, vrachlar bu uning sog`lig`iga jiddiy putur etkazishi, buyraklarda tosh paydo bo`lishiga olib kelishi haqida ogohlantirishmoqda. Vitaminlar va mineral moddalar etishmasligi, suvsizlik odamni hushidan ketkazishi va qon bosimini tushirib yuborishi mumkin.
Sofi esa salomatligi yaxshilangani, suvdan voz kechish orqali o`zini kuch-quvvatga to`lgandek his etayotganini ta`kidlaydi. Ammo u “bunday davolash hammaga ham to`g`ri kelavermaydi, unga ruhiy tayyorgarlik va qat`iy ishonch talab etiladi”, deydi.






