Bo`stonliqda turar joyni ijaraga berganlik uchun alohida soliq tartibi joriy etiladi.
“Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanida tajriba tariqasida soliq solish ob`ektlarini hisobga olish va soliq ma`muriyatchiligining alohida tartibini joriy etish to`g`risida” Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 maydan boshlab, 2021 yil 1 maygacha Bo`stonliq tumanida tajriba tariqasida soliq solish ob`ektlarini hisobga olish va soliq ma`muriyatchiligining alohida tartibi joriy etiladi.
Tajriba davrida jismoniy shaxslar tomonidan dam olish uylari, dala hovli, yakka tartibdagi uy-joylar va yashash uchun mo`ljallangan boshqa turar joylar, shuningdek, ayrim mol-mulk turlari soliq organlarining tayanch punktlari tomonidan soliq solish ob`ektlarining hisobga qo`yilgani to`g`risidagi bepul beriladigan guvohnoma asosida ijaraga beriladi.
Ko`chmas mulk ob`ektlarining ijaraga berilishi bilan bir vaqtda Davlat soliq qo`mitasining yagona elektron platformasiga (mobil ilova yoki veb-sayt orqali) bu haqdagi ma`lumotlar kiritilishi lozim.
Ko`chmas mulk ob`ekti va ayrim mol-mulk turlari soliq organlarida hisobga olingan maxsus cheklar taqdim etish orqali ijaraga beriladi hamda tegishli soliqlar to`langanda, ushbu faoliyatdan tushgan naqd pulni bank kassasiga topshirish ixtiyoriy hisoblanadi.
Hisobga qo`yilganlik to`g`risidagi guvohnomasiz ko`chmas mulklar va ayrim mol-mulk turlarini ijaraga berish yoxud ko`chmas mulklarning ijaraga berilgani to`g`risidagi ma`lumotlarni yagona elektron platformaga kiritmaslik – soliqlarni to`lashdan bo`yin tovlash deb hisoblanadi va qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Hisobga qo`yilganlik to`g`risidagi guvohnoma asosida ayrim mol-mulk turlarini ijaraga beradigan jismoniy shaxslar tadbirkorlik sub`ekti sifatida davlat ro`yxatidan o`tishi shart emas hamda ularning daromadlariga belgilangan tartibda deklarasiya asosida soliq solinadi.
Tadbirkorlik sub`ekti sifatida davlat ro`yxatidan o`tgan holda oilaviy mehmon uylari xizmatlari ko`rsatayotgan va ayrim mol-mulk turlarini ijaraga berish bilan shug`ullanadigan jismoniy shaxslarga mazkur talablar tatbiq etilmaydi






