AsosiyJamiyat

O`zbekistonda masjidlar yoppasiga yopilib, diniy soha vakillariga yana bosim o`tkazilyaptimi? Vaziyatni Qo`mita izohladi

'O`zbekistonda masjidlar yoppasiga yopilib, diniy soha vakillariga yana bosim o`tkazilyaptimi? Vaziyatni Qo`mita izohladi'ning rasmi

So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida, go`yoki, Din ishlari bo`yicha qo`mita tomonidan masjidlar asossiz, yoppasiga tekshirilayotgani, bundan ko`zlangan maqsad – diniy soha vakillarini yana bosim ostiga olish, ularni jazolash ekani haqida noxolis ma`lumotlar tarqatildi.

Ushbu holatga Din ishlari bo`yicha qo`mita oydinlik kiritdi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 noyabrdagi 946-son qarori bilan tasdiqlangan Din ishlari bo`yicha qo`mita nizomining 12-bandiga ko`ra, Qo`mita diniy tashkilotlarga faoliyatini amalga oshirishda tashkiliy, huquqiy va metodik yordam ko`rsatadi.

Shunga muvofiq, Din ishlari bo`yicha qo`mita tomonidan O`zbekiston musulmonlari idorasi va noislomiy konfessiyalarga oid diniy tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada jadallashtirish, ularga sohaga doir me`yoriy hujjatlarni yuritishda uslubiy jihatdan yordam ko`rsatish bo`yicha turli tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.

Joriy yilning fevral oyida ikki tashkilot mas`ul xodimlaridan iborat ishchi guruhi tomonidan Toshkent shahridagi masjidlarga tashkil etilgan tashriflar ham shular jumlasidandir.

Aytish joizki, imom-xatib nafaqat diniy ibodat va marosimlarni o`tkazuvchi mutaxassis, balki ayni paytda adliya idoralari oldida diniy tashkilot rahbari sifatida hisobdordir. Shunga ko`ra, diniy soha xodimlarining huquqiy savodxonligi va hujjat yuritish bo`yicha kasbiy ko`nikmalarini oshirish bugungi kun talabi hisoblanadi.

Aniqlangan ayrim muammoli holatlar haqida imom-xatiblarga ushbu kamchiliklarni o`z vaqtida bartaraf etish bo`yicha aniq taklif va tavsiyalar, shuningdek, masjid hujjatlarining yuritilishi yuzasidan amaliy-uslubiy tushuntirishlar berildi.

O`z navbatida, Mirobod tumanidagi “Al Badr”, Olmazor tumanidagi “Do`stjonboy”, Uchtepa tumanidagi “Abu Hurayra”, “Aziz ota” va Yunusobod tumanidagi “Kamoliddin Orif al-Buxoriy” masjidlarining tahoratxonasi torligi, bu holatning aholiga noqulayliklar keltirib chiqarayotgani sababli ularni kengaytirish va ta`mirlash, “Imom Hasan” va “Ko`kcha Oqtepa” masjidlari xonaqohlari va tahoratxonalari ta`mirtalab holatda ekani sababli ularni qayta qurish bo`yicha tegishli tavsiyalar berilib, hamkorlikda yangi binolar loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Ushbu yo`nalishdagi o`zaro manfaatli hamkorlik ishlari tizimli davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida Din ishlari bo`yicha qo`mitaning rasmiy veb-saytida ma`lumot berilib boriladi.

Shu o`rinda, aholi orasida turli noxolis ma`lumot tarqatayotganlarga nisbatan, voqe`likka xolis yondashish va jamoatchilikka to`g`ri xabar etkazishni tavsiya qilamiz, deyiladi Qo`mita matbuot xizmati xabarida.

    Boshqa yangiliklar