Joriy yilning 26 fevral kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida yashirin faoliyat olib borgan xalqaro terroristik tashkilot ta`siriga tushgan bir guruh kimsalarning noqonuniy faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB sayti xabar berdi.
Mavjud ma`lumotlarga ko`ra, mazkur shaxslar noqonuniy diniy yig`ilishlar o`tkazib, unda Suriyadagi xalqaro terroristik tashkilotlar g`oyalarini targ`ib qilgan, ularni tag`ib qilib, ushbu tashkilotlar safiga borib qo`shilishni rejalashtirib kelganlar.
Holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi JKning 2442-moddasi 1-qismi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga raxbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida poytaxt va viloyat hududidagi 24 ta manzillarda tintuv tadbirlari o`tkazilib, 21 nafar shaxslar ichki ishlar idoralariga keltirildi.
Ushbu shaxslarning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador bo`lgan ashyoviy dalillar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olindi va tergov-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
O`z navbatida, fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo`l qo`ymaslik maqsadida, buzg`unchi g`oyalar ta`siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da`vatlarga aldanib qolmaslik hamda jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmaslik, saqlamaslik va tarqatmasliklarini so`raymiz, deyiladi IIBB xabarida.






