Sirdaryo viloyati IIB YHXB yo`l-patrul xizmati katta inspektori U.Eralov 24 fevral, dushanba kuni, belgilangan taqsimot asosida Sirdaryo tumanida xizmat olib borayotganida, haydovchi U.A. boshqaruvidagi Tracker’ni o`rnatilgan tartibda to`xtatgan.
O`zbekiston IIV Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqamasi axborotiga ko`ra, mashinani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni tekshirish va muloqot jarayonida haydovchining og`zidan spirtli ichimlik hidi kelayotganligi ma`lum bo`lgan.
Inspektor haydovchini mastlik holatini aniqlash maqsadida tibbiy ko`rikka taklif etgan. Tibbiy ko`rikdan o`tkazilgan vaqtda haydovchining mast holatda ekanligi o`z tasdig`ini topgan.
Inspektor ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirib, mashinani vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirgan. Shundan so`ng haydovchi mashinani jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga YPX inspektoriga 2 million so`m pora taklif etgan.
Xodimning bildirgisiga ko`ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida haydovchi U.A. YPX inspektori Eralovga 1 902 000 so`mni pora tariqasida berayotgan vaqtida qo`lga olingan.
«Holat yuzasidan IIV O`z xizmati boshqarmasi Sirdaryo viloyati bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi IIV YHXBB axborotida.






