Xitoyning Xubey provinsiyasi Uxan shahrida koronavirusni yuqtirgan go`dak 17 kunda dorisiz sog`ayib ketdi. Syao Syao ismli qizaloq Uxan bolalar shifoxonasida dunyoga kelgan. Ota-onasidan biri xavfli COVID-19 koronavirusini yuqtirgandi.
Go`dak tug`ilgan zahoti respiratorli infeksiyalar va yurakdagi arzimas asoratlarga qarshi kurasha boshladi. Alomatlari jiddiy bo`lmagani bois shifokorlar unga dori bermaslikka qaror qilishdi.
«Qizcha nafas olishga qiynalmadi, yo`talmadi, isitmasi ham chiqmadi. Biz undagi miokardial holatni davoladik xolos», — deydi shifokor Szen Linkun.
Chaqaloq 17 kunlik bo`lganda Syao Syaoning koronavirusga tahlillari manfiy chiqdi. Qizaloq mustaqil sog`ayib ketdi.
Umuman olganda, dunyo bo`yicha 80,3 mingdan ziyod kishi koronavirusni yuqtirdi. Ulardan qariyb 2,7 mingtasi vafot etdi, 27,8 mingdan ziyod bemor tuzaldi. Virus birinchi bo`lib aniqlangan Xitoydan tashqari COVID-19 kasalligi dunyoning 30 dan ortiq mamlakatida qayd etildi.






