AsosiyJamiyat

"Vazir o`rinbosari vazir, vazir boshqa joyga vazir, hokim senator bo`ldi, senator spiker, spiker snayper..." Blogerning tayinlovlarga nisbatan mulohazasi

'"Vazir o`rinbosari vazir, vazir boshqa joyga vazir, hokim senator bo`ldi, senator spiker, spiker snayper..." Blogerning tayinlovlarga nisbatan mulohazasi'ning rasmi

Bolger bugungi kundagi hukumat tarkibidagi tayinlovlar haqida o`z fikr-mulohazalarini bildirdi.  Quyida uni to`liq keltirmoqdamiz.

"Vazir o`rinbosari vazir bo`ldi, vazir boshqa joyga vazir bo`ldi, vazirning vaziri bosh vazirga maslahatchi bo`ldi, maslahatchi kimgadir o`rinbosar bo`ldi, melisa mahallaqo`m, rektor professor, hokim senator bo`ldi, senator spiker, spiker snayper va hokazo va hokazo.  

Lekin, hech nima o`zgarmaydi. Aksar o`sha-o`sha odamlar, yoki ularning g`oyalari merosxo`rlari.

Shaxmat taxtasidagi bu yurishlar aynan qanday reja yo strategiya (o`zi bormikan?) bilan qilinayotgani hozircha noma`lum. Balki bu tavakkalizmning beshta prinsipidir... Progressiv yosh reformatorlar deb ko`rilgan yangi figuralar ko`lga tomgan tomchidek so`rilib ketayotgandek. Ular oz ham. Ular aslida suv tomchisi emas, yog` tomchisidek bo`lishlari kerak – suvga qo`shilmasdan, uni bulg`aganlari yaxshiroq. Lekin hozircha faqat suv. Yog` kam tomyapti.  

Hatto Britaniyada ham turfa xillik istab qolishibdi. Bosh vazir Boris Jonsonning jinniroq bosh maslahatchisi Dominik Kammings hukumatdagi kulrang muhitga urush ochdi. U hukumatdagi lobbichilar, deputatlar, hukumat a`zolari, jurnalistlar o`rtasidagi qon aralashuvini buzib, "g`alati va jamiyatga moslasholmagan" odamlarni ishga olishni istashini aytdi. Avvaliga hamma hayratdan yoqa ushladi. Qanday hadding sig`di bu buyuk demokratiyani uyg`otishga, ablah! O`ylab qarasam, menga uning rejasi yoqdi. Xo`sh, u nimani istaydi?  

Turfaxillikni.  

U bari yoppasiga Oksford va Kembrijni bitirgan, bir xil tarzda fikr yuritadigan odamlardan qutulmoqchi. U turli tuman fikrlar Dauning strit devorlari ichida tennis to`plaridek devordan devorga sapchishini istayapti. Iqtisod qiyin ahvolda, bashoratlar yaxshimas, qutqaruv yo`llarini izlash kerak. Buning uchun onasi o`pmagan g`oyalar kerak.  

Darhaqiqat, Matyu Said degan odam o`zining “Isyonchi g`oyalar” kitobida yaxshi misol keltiradi. Masalan, siz rahbarsiz. Sizga o`nta odamni ishga olib o`z jamoangizni tuzish taklif qilinadi. Odatda qanday bo`ladi? Siz o`zingizga o`xshab fikrlaydigan (va sizga sodiq?) odamlardan jamoa tuzasiz. Ularga bitta muammoni echish yo`llarini o`ylab topishdek vazifani topshirasiz. Qarabsizki, ular taklif qilgan echim ham bir xil bo`ladi. Chunki ular bir xil o`ylaydi. Lekin, tasavvur qiling, siz o`zingizga yo bir-biriga o`xshamagan 10 kishini ishga oldingiz. Ular sizga bitta muammoning 10ta echimini taklif qilish qobiliyatiga ega bo`ladi. Demak, sizda tanlov 10 baravarga oshadi. Albatta, ichida ahmoqona g`oyalar bo`lishi ham mumkin – lekin, bu ham turfa xillikning belgisi.  

O`zbekiston hukumati ham balki turfaxillik o`yiniga o`ynab ko`rishi kerakdir..."

    Boshqa yangiliklar