AsosiyJamiyat

Venada Namangan ahlini ichimlik suvi bilan ta`minlash uchun 54 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratish to`g`risidagi bitim imzolandi

'Venada Namangan ahlini ichimlik suvi bilan ta`minlash uchun 54 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratish to`g`risidagi bitim imzolandi'ning rasmi

25-fevral kuni Vena shahrida OPEKning Xalqaro taraqqiyot jamg`armasi (OFID) tomonidan Namangan viloyati Yangiqo`rg`on tumanining 22 ta aholi punktida va Namangan shahrida ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash loyihasini moliyalashtirish uchun 54 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratish to`g`risidagi bitimni imzolash marosimi bo`lib o`tdi.

O`zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan hujjatni Elchi Sherzod Asadov va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg`armasi nomidan uning bosh direktori Abdulhamid Alhalifa imzoladi.

Ushbu loyiha doirasida xalqaro sifat standartlariga javob beradigan suv ta`minoti infratuzilmasi yaratiladi, buning natijasida Namangan viloyatining 200 mingga yaqin aholisi toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Imzolash marosimidan so`ng OFID Bosh direktori Jamg`arma va O`zbekiston Hukumati o`rtasidagi hamkorlik faol rivojlanayotganini ta`kidladi. Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko`lamli islohotlarni yuqori baholab, hamkorlikni yanada mustahkamlashga umid bildirildi.

1975-yilda tashkil etilgan, qarorgohi Vena shahrida joylashgan OPEK Jamg`armasi rivojlanayotgan mamlakatlarga ijtimoiy va iqtisodiy yordam ko`rsatadigan moliyaviy rivojlanish bo`yicha hukumatlararo institutdir.

1999-yildan beri ushbu tuzilma O`zbekistonda davlat sektorida umumiy qiymati qariyb 80 million dollarga teng bo`lgan 7 ta loyihani amalga oshirdi, shundan 47,2 million dollari ichimlik suvi va sanitariya sohasidagi loyihalarni imtiyozli kreditlash uchun, 12,73 million dollari qishloq xo`jaligiga, 5 million dollardan transport va ta`limni rivojlantirishga ajratildi.
 

    Boshqa yangiliklar