O`tgan 2019 yilda Toshkent viloyati avtomobil yo`llarida bolalar ishtirokida 131 ta yo`l-transport hodisalari qayd etilgan. Bu hodisalarda 21 nafar bola halok bo`lib, 110 tasi turli darajadagi tan jarohatlarini olishgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 25 fevral kuni Toshkent viloyati Xalq ta`limi boshqarmasida aynan bolalar ishtirokidagi yo`l-transport hodisalarini oldini olish yuzasidan bir qancha mas`ul raxbar va xodimlar ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi.
Yig`ilish qatnashchilariga yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan tayyorlangan videoroliklar namoyish etildi. Yig`ilishda Xalq ta`limi boshqarmasining viloyat Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikdagi bolalar bilan bog`liq yo`l-transport hodisalarining oldini olishga yo`naltirilgan, aniq, manzilli rejalar jamlangan “Yo`l xaritasi”ni ishlab chiqish va uni bosqichma-bosqich bajarishga kelishib olindi. “Yo`l xaritasi”ga esa har bir shahar va tumandagi maktablarda namunali yo`l harakati xavfsizligi sinfxonalarini tashkil etish kabi muhim vazifalar kiritildi.






