AsosiyJamiyat

Andijonda havoni ifloslantirgani sabab yirik sement ishlab chiqarish korxonasi faoliyati to`xtatildi

'Andijonda havoni ifloslantirgani sabab yirik sement ishlab chiqarish korxonasi faoliyati to`xtatildi'ning rasmi

So`nggi oylarda Davlat ekologiya qo`mitasiga aholi, jamoatchilik tashkilotlari tomonidan atrof muhitga zararli tashlamalar tashlayotgan yirik sement ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yuzasidan shikoyat va murojaatlar kelib tushayotganligi, shuningdek, Qo`mita tomonidan ayni kunlarda «SING LIDA» MChJ qo`shma korxonalarining faoliyati tekshirilayotganligi to`g`risida ma`lum qilingan edi.

Davlat ekologiya qo`mitasi tomonidan 2020 yil 12-21 fevral kunlari Andijon viloyati, Asaka tumanida joylashgan «SING LIDA» MChJ QK faoliyatida, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid qonun va me`yoriy-huquqiy hujjatlar talablari ijrosining ta`minlanishi yuzasidan tekshirish o`tkazildi.

Tekshirish davrida korxonaning klinker tayyorlash pechining ishlash jarayonida siklonlarning bir nechta joyida tuynuklar mavjudligi, o`z navbatida ifloslantiruvchi moddalarning mazkur tuynuklardan to`g`ridan – to`g`ri atmosfera havosiga tashlanayotganligi;

klinker tayyorlash pechidagi ifloslantiruvchi moddalarni tashlash 1- va 2-manbalardagi chang tozalash uskunasining samaradorligini o`lchash uchun laboratoriya tahlillari o`tkazilganida, 1-manbadagi sement changini ushlash qurilmasining samaradorligi 53,1 % (loyiha bo`yicha 99,9%), 2-manbadagi chang ushlash qurilmasining samaradorligi 60,7% (loyiha bo`yicha 99,9%) ni tashkil etib, changlarni ushlab qolish samaradorligi past darajada ekanligi aniqlandi.

Yuqoridagi holatlarda O`zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to`g`risida», «Atmosfera havosini muhofaza qilish to`g`risida»gi qonunlar talablari buzilgan.

Aniqlangan kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish, atmosfera havosiga tashlanadigan ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish maqsadida jamiyat balansida mavjud bo`lgan, bugungi kunda ekologik talablarga javob bermaydigan holatda ishlab turgan klinker tayyorlash pechi va sement tayyorlash tegirmoni uskunalarining faoliyati vaqtincha to`xtatildi va bajarilishi majburiy bo`lgan ko`rsatmalar berildi.

Eslatib o`tish joizki, Vazirlar Mahkamasining «Davlat ekologik ekspertizasi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 2018 yil 22 noyabrdagi 949-son qaroriga ko`ra sement ishlab chiqarish korxonalari atrof-muhitga ta`sir ko`rsatishning Itoifasiga mansub (yuqori darajali xavfli) faoliyat turi deb belgilangan.

    Boshqa yangiliklar