Qozog`istonning Turkiston viloyati polisiya departamentiga qarashli kriminal polisiya boshqarmasi Qozog`iston milliy xavfsizlik qo`mitasi bilan hamkorlikda amalga oshirgan tezkor operasiya chog`ida uyushgan jinoyatchilar guruhi qo`lga olindi. Bu haqda Xabar.uz «Polisia.kz»ga tayanib xabar bermoqda.
Ushbu jinoyatchilar Qozog`istonning Sariag`ash shahridagi «Qoplonbek» chegara-o`tkazuv punktida MDH mamlakatlari bo`ylab qatnovchi yuk mashinalari haydovchilariga nisbatan tovlamachilik bilan shug`ullanib kelgan.
Postdan o`tish uchun haydovchilardan 15 000 dan 50 000 ($39,8—$132,6) tengegacha pul talab qilishgan, aks holda ularga tahdid qilishgan, do`pposlashgan, mashina oynalarini sindirib, shinalarini teshishgan.
Tezkor amaliyot chog`ida 13 nafar jinoyatchi qo`lga olingan. Ularning barchasi Turkiston viloyatida yashaydi.
Ashyoviy dalil sifatida qo`lga olinganlarning uylaridan o`q otish qurollari, pichoqlar va pullar chiqqan.
Ayni paytda ish tergovga oshirilgan bo`lib, jinoiy guruhning boshqa jinoyatlarga daxldorligi ham o`rganilyapti.






