AsosiyJamiyat

Yangi vazirlik uchun qanday zarurat tug`ildi?

'Yangi vazirlik uchun qanday zarurat tug`ildi?'ning rasmi

So`nggi yillarda mahalla va oila institutlari faoliyatining samaradorligini oshirish borasida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirildi. Ammo shunga qaramay sohada qator muammolar to`planib qolayotgan edi.

Xususan, mahalla o`ziga yuklangan eng muhim vazifalar va oldida turgan muammolar bilan shug`ullanish o`rniga, ko`p holda ikkilamchi va bevosita o`ziga taalluqli bo`lmagan vazifalar bilan o`ralashib qolayotgan edi. Masalan, turli ma`lumotnomalar berish, ajralishlar statistikasini buzilishiga yo`l qo`ymaslik va hokazo. 

Holbuki, mahallada yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish, aholi osoyishtaligini ta`minlash, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga yaqindan ko`mak berish, ijtimoiy muammolarga echim topish va boshqa muhim masalalarni hal qilish birlamchi vazifa hisoblanadi. 

Ustiga-ustak, boshqa quyi idoralar bilan hamkorlik tizimli yo`lga qo`yilmaganligi, oila, xotin-qizlar va keksalarga yordam ko`rsatishning yaxlit tizimi mavjud emasligi kabi qator sabablar mahallaga bu borada yaqindan ko`mak beradigan alohida davlat tuzilmasini tashkil etishga ehtiyojni yuzaga keltirdi. 

Shunga ko`ra, Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga asosan Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi va uning joylardagi bo`linmalari tashkil etildi.

Xo`sh, yangi vazirlik uchun qanday zarurat tug`ildi? 

Birinchidan, tom ma`noda mahallani mustaqil institutga aylantirish. Aytish joizki, mahallalar mahalliy hokimliklar va boshqa idoralar ta`siriga tushib qolgan edi. Mahalla raislari va faollarini soatlab hokimiyat o`tkazadigan turli tadbirlarga va yig`ilishlarga fon 
uchun zalni to`ldirib turuvchi vosita sifatida jalb qilish, bo`lar-bo`lmas topshiriqlar bilan ularni doimiy band qilish, turli byurokratik hisobotlarni talab qilish masalalari ularni bezdirib, charchatib qo`ygan edi. 

Bir so`z bilan aytganda mahallani bunday yuklamalardan himoya qiluvchi va unga ko`mak beruvchi alohida davlat organiga zarurat tug`ilayotgan edi. Albatta, yangi tashkil etilgan vazirlik ushbu salbiy holatlarga barham beradigan, mahallani tom ma`noda himoyachisi bo`ladigan bo`ldi.

Ikkinchidan, mahalla va oilaga ko`mak beradigan tuzilmalar faoliyatini bir tizimga solish talab etilayotgan edi.Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`limlari, Xotin-qizlar qo`mitasi, “Nuroniy” jamg`armasi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi –mazkur beshta tashkilot alohida faoliyat yuritayotganligi, ularga yuklatilgan vazifalarning deklarativ xususiyatga egaligi, funksiyalarning bir-biriga o`xshashligi va takrorlanishi ushbu institutlar faoliyati samaradoligiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda edi. 

Boshqacha aytsak, bu tashkilotlarning resurslaridan tarqoq holda foydalanish bilan kutilgan samaradorlikka erishish qiyin kechardi va ular birlashgan taqdirda, muammolarning echimi osonlashardi. 

Bundan tashqari, mahalla raisi, profilaktika inspektorlari va hotin-qizlar bilan ishlash bo`yicha mutaxassislar o`zaro tizimli hamkorligi samarali yo`lga qo`yilmagandi, har qaysi o`z bilganicha ishlar edi. Ularning yagona maqsad sari bir musht bo`lib faoliyat yuritishini ta`minlaydigan mexanizm mavjud emas edi.

Bundan keyin mahallalarda vazifalar ijrosiga “seniki”, “meniki” emas, balki “bizniki” deb yondashiladi. 

Uchinchidan, ayrim institutlarning quyi bo`g`indagi faoliyatini jonlantirish zarur edi. Masalan, “Oila” markazi va “Nuroniy” jamg`armasining asosiy ishchi kuchi viloyat va tuman darajasida jamlangan, asosiy ish bo`ladigan manzil – mahallagacha etib bormasligi sabab, ularning amaliy ta`siri deyarli sezilmas edi.

Yangi vazirlik mahallalar faoliyatiga aralashadimi?

So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shaxslar tomonidan “mahalla vazirlikka aylandi”, “davlat mahalla ishlariga aralashdi”, “mahalla vazirlik tomonidan nazorat qilinadi” degan noto`g`ri fikrlar bildirilmoqda.

Ushbu qarash va yondashuvlar mazkur vazirlikni tashkil qilishdan ko`zlangan maqsad va vazirlik zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalarni to`liq tushunmaslik yoki mohiyatini to`g`ri anglamaslik oqibatida yuzaga kelmoqda. 

Mahalla vazirlik orqali boshqarilmaydi. U biz uchun davlat tashkilotlariga bog`liq bo`lmagan ming yillik qadriyat sifatida o`zining noyob xususiyatlarini bundan keyin ham saqlab qoladi. Chunki:

birinchidan, “Mahalla vazirligi”ni tashkil qilish bo`yicha qabul qilingan Prezident Farmonining aynan 1-bandida mahallalar faoliyatiga davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yo`l qo`yilmasligi, shuningdek, davlat organlari mahallalar faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur sharoit yaratishi va ularning vakolatlarini amalga oshirishida ko`maklashishi qat`iy belgilab qo`yildi;

ikkinchidan, Farmonda mahallalar va yangi tashkil etilgan vazirlik o`rtasidagi munosabatlarning huquqiy chegarasi aniq belgilab qo`yildi.

Unda vazirlikning asosiy vazifalaridan biri sifatida mahalla 
va oila institutlari faoliyatini qo`llab-quvvatlash, ularning huquq 
va qonuniy manfaatlarini himoya qilish belgilandi. Ya`ni bu erda mahallani boshqarish haqida emas, balki qo`llab-quvvatlash, jamoatchilik tuzilmalari faoliyatiga amaliy yordam berish bo`yicha tizimini joriy qilinganligi haqida gap bormoqda. 

Ortiqcha vazifalar tugatildi

Xususan, fuqarolar yig`inining 46 ta, profilaktika inspektorining o`ndan ortiq vazifalari bekor qilindi. Amalda qanday edi? Fuqarolar yig`inlari zimmasida jami 200 dan ortiq, profilaktika inspektorlarida esa 100 dan ortiq vazifa bor edi. 

Masalan, fuqarolar yig`inlari xodimlari qora metall parchalarini topshirish, soliqlar, kommunal to`lovlari va safarbarlik chaqiruv rezervi badallarini undirish, qishloq xo`jaligi ishlarida qatnashish, o`z hududidagi daraxtlar va tomorqalardan olinadigan hosilning hisobini yuritishi, kelgusi yil uchun iqtisodiy prognozlarni belgilash kabi vazifalarni ham bajarardi. 

Qolaversa, fuqarolar yig`inlari xodimlari va profilaktika inspektorlari ko`plab komissiya va guruhlar tarkibiga kiritilgani tufayli xodimlarning aksar vaqti yig`ilish va majlislarda o`tib ketardi. Bu esa asosiy vazifalarni bajarishga to`sqinlik qilardi. Turgan gapki, buning natijasida respublikaning ayrim mahallalarida jinoyatlar soni ko`paydi, Ba`zi mahallalarda esa ularning kamayishiga erishilmadi. “O`ziniki bo`lmagan” vazifalarning mahalla “elkasidan olib tashlanishi” ish sifatiga ijobiy ta`sir qilishi shubhasiz.   

Qolaversa, shu paytgacha respublikadagi mavjud 9 121 ta mahallaning 28,5 foiziga profilaktika inspektorlari shtati ajratilmagan bo`lib, ayrim holatlarda ikki yoki uchta mahallaga 1 ta xodim biriktirilgan edi.

Alohida profilaktika inspektori mavjud emasligi nosog`lom turmush tarzida hayot kechirayotgan, nizoli oilalar bilan muntazam ishlash imkonini cheklab qo`ymoqda edi. Shundan kelib chiqib, har bir fuqarolar yig`inida kamida 1 tadan profilaktika inspektori lavozimi bo`lishi talabi o`rnatilmoqda. Bu orqali mahallalarda aholi muammolari bilan chuqurroq ishlash, ularni o`z vaqtida bartaraf etish va oilada sog`lom turmush tarzini o`rnatish ko`zlangan.

 

Davlat byudjeti xarajatlari kamaytiriladi

Xotin-qizlar qo`mitasi, “Nuroniy” jamg`armasi va shu kabi tashkilotlar maqomiga ko`ra nodavlat notijorat tashkiloti hisoblansa-da, moliyalashtirilishi asosan Davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilib kelinardi.

Ma`lumot tariqasida: bugungi kunga qadar Respublika mahallalar kengashida 
1 739 nafar, Xotin-qizlar qo`mitasida 808 nafar, “Nuroniy” jamg`armasida 253 nafar, “Oila” markazida 428 nafar xodimlar faoliyat olib borayotgan edi.

Endilikda mahallalarning rivojlanishini, uning obodligi va xavfsizligini ta`minlash maqsadida yangi moliyalashtirish tizimi joriy qilinadi. Vazirlik tashkil etilishi bilan kadrlar va moddiy resurslar to`g`ri taqsimlanishi yo`lga qo`yilib, buning hisobiga Davlat byudjeti xarajatlari kamaytiriladi. Bu qator imkoniyat va imtiyozlarga yo`l ochadi. 

Yana bir muhim jihati – ilgari mahallalar asosan davlat byudjeti mablag`lari hisobidan moliyalashtirilgan bo`lsa, endi ular asosiy faoliyat yo`nalishlaridan tashqari tadbirkorlik bilan shug`ullanib, o`zini o`zi moliyalashtirish huquqiga ham ega. 

Xalqaro tajriba nima deydi?

Bu borada xorij tajribasi atroflicha o`rganildi. Xususan, Germaniya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Xorvatiya singari davlatlarda o`zini o`zi boshqarish organlari, xotin-qizlar, faxriylar va oila masalalari bo`yicha alohida vazirliklar faoliyat yuritadi. 

Tahlillar va o`rganishlar ushbu davlatlarda oila va xotin-qizlar masalalari bilan shug`ullanishning alohida davlat organlariga berilishi bu yo`nalishdagi muammolar samarali va ijobiy hal qilib kelinganligini ko`rsatadi.

Bir so`z bilan aytganda, mahalla instituti aholining chinakam maslakdoshi va ko`makdoshiga, xalq bilan davlat o`rtasida ishonchli “ko`prik”ka aylantiriladi.

 

D.Ibragimova

Adliya vazirligi boshqarma boshlig`i o`rinbosari

    Boshqa yangiliklar