AsosiyJamiyat

XDP fraksiyasi odamlarni ortiqcha xarajatga undagan tadbirkorlarga jarimani oshirishni taklif qildi

'XDP fraksiyasi odamlarni ortiqcha xarajatga undagan tadbirkorlarga jarimani oshirishni taklif qildi'ning rasmi

Bugun parlament quyi palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig`ilishida “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama etildi.

Loyiha bilan to`y, oilaviy tantana va marosimlar o`tkazish tartibini buzish, jumladan, parlament palatalarining qo`shma qaror bilan tasdiqlangan To`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar o`tkazilishini tartibga solish to`g`risidagi nizomda qayd etilgan umumiy tartiblarga rioya qilmaslik uchun ma`muriy javobgarlik belgilanishi ko`zda tutilmoqda.

Mazkur nizomning 19-bandiga muvofiq ichki ishlar organlari profilaktika inspektori fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan birgalikda to`y va marosimlarni ixcham, kamxarj o`tkazishga undashi, bunday tadbirlar shuhratparastlik va dabdaba bilan o`tkazilishining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni tashkil etishi, shuningdek, tadbirlar davomida jamoat tartibini ta`minlashi belgilangan.

Shu sababli Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilishi taklif etilayotgan huquqbuzarlikni aniqlash, ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida bayonnoma tuzish hamda o`rnatilgan tartibda ma`muriy sudga yuborish masalasini ichki ishlar organlariga yuklash taklif etilmoqda.

Qonun loyihasiga ko`ra Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks yangi modda bilan to`ldirilishi nazarda tutilmoqda. Unda to`y, oilaviy tantana, ma`raka va marosimlar o`tkazish tartibi buzilishi bilan bog`liq masalalar aks etgan. Xususan, qoidalar tadbirlarni o`tkazuvchi shaxs tomonidan buzilishi bazaviy hisoblash miqdorining o`n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`lishi nazarda tutilgan.

Belgilangan tartib to`yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari tomonidan buzilsa, bazaviy hisoblash miqdorining o`ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`lishi belgilanishi mumkin. Bunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo`lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`lishi ham ko`zda tutilgan.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a`zolari qonun loyihasi muhokamasi paytida aynan shu masala bo`yicha qat`iy fikr-mulohazalarini bildirdi.

Deputatlarning fikricha, to`yxonalarda isrofgarchilik va soxta obro` orttirishga yo`l ochib berayotgan mas`uliyatsiz tadbirkorlarga jarima miqdorini oshirish kerak.

Xalq demokratik partiyasi dabdabali to`ylarga sarflanayotgan (albatta, qarzga olinmagan) sarmoya yosh oilaning ijtimoiy barqarorligi, hayotga moslashuvchanligi, zamonaviy bilim va ko`nikmalarni egallashi yo`lida sarflanishi har tomonlama maqsadga muvofiq. Dabdababozlik va isrofgarchilikdan hech qanday samara yo`qligi va ayni paytda moddiy resurslarni oila kelajagi uchun oqilona sarflashning ahamiyati haqida tushuntirish tadbirlarini kuchaytirishga ehtiyoj katta. Lekin bu jarayonda eskicha va zerikarli usullardan, odamlarga minbarda turib aql o`rgatishlardan tiyilish zarur.

 

 

    Boshqa yangiliklar