Joriy yilning 24 fevral kuni, soat 01:00 larda, Toshkent viloyati IIBB YHXB YPX otryadi komandirining o`rinbosari O.Nurinboev va YPX inspektori X.Raxmonovlar belgilangan taqsimot asosida Olmaliq shahar hududida xizmat olib borishayotgan vaqtda inspektor X.Raxmonov o`rnatilgan tartibda “Vaz-2103” rusumli transport vositasi haydovchisiga to`xtash ishorasini bergan. Haydovchi ishorani ko`ra bila turib harakatni davom ettirgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati xabar berdi.
Ko`rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida avtomashina to`xtatilgan. Haydovchi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini berishdan bosh tortgan.
Shuningdek, ushbu transport vositasida yo`lovchi sifatida ketayotgan 2 nafar yigitlar shubxali harakatlar sodir etib o`zlarini g`alati tutishgan. Bundan shubhalangan xodimlar ularni tuman IIBga olib borishgan. Tuman IIBda o`tkazilgan tekshiruvda yigitlarning sumkasidan niqob, turli xil simlar va o`g`irlik qilishda qo`l keladigan ashyoviy dalillar, avtomobil ehtiyot qismlari topilgan.
Tuman IIBga kelib tushgan murojaatlar o`rganilgan vaqtda fuqaro F.K.ga tegishli “Damas” rusumli avtomashinadan noma`lum shaxslar video qayd etish moslamasini o`g`irlab ketishganligi ma`lum bo`lgan. Sumkadan topilgan video qayd etish moslamasi fuqaro F.K.ning murojaatida ko`rsatilgan buyumning aynan o`zi bo`lib chiqqan.
Ashyoviy dalillar etarli bo`lganligi sababli qo`lga olingan fuqarolar, 1999 yilda tug`ilgan Sh.Q. va 2000 yilda tug`ilgan A.T.larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JK ning 169-moddasi, 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.






