AsosiyJamiyat

“Bolalarim kaptarxonada o`qishini istamayman! Xalq ta`limi vazirligi, aql o`rgatishni bas qiling!"

'“Bolalarim kaptarxonada o`qishini istamayman! Xalq ta`limi vazirligi, aql o`rgatishni bas qiling!"'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqda “Bolalarim kaptarxonada o`qishini istamayman! Xalq ta`limi vazirligi aql o`rgatishni bas qiling. Hamma sizlar ӯylaganchalik ahmoq emas. Har kim xohlagan joyida ta`lim olishga haqli” mazmunida post e`lon qilindi. Bu postga xalq ta`limi vazirligining munosabatini vazirlik matbuot kotibi "Darakchi"ga taqdim etdi. 

"Mazkur postga 20 fevral kuni Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida ishtirok etgan Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Dilshod Kenjaevning so`zi sabab bo`lgan.

2017 yilning 15 mart kuni qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o`rta ta`lim to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori bilan “Umumiy o`rta ta`lim to`g`risida” nizom tasdiqlangan.

Mazkur hujjatning 39-bandiga ko`ra maktab yoshidagi bolalarni umumiy o`rta ta`limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta`lim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida umumta`lim muassasasi pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) ro`yxatga olish orqali amalga oshiriladi.

Biz mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta`minlash uchun o`rnatilgan qonunchilik normalariga amal qilishimiz kerak.

Bolaning uzoq masofadan maktabga kelishida bir qancha qiyinchiliklar yuzaga keladi. Birinchidan, aksariyat boshlang`ich sinflarda dars soat 8.00 da boshlanadi. Buning uchun ota-onalar farzandlarini soat 6.00 da uyg`otishlari, nonushta qilib, kiyintirib, soat 7.00 da yo`lga chiqishlari kerak. Ertalabki tirbandliklardan so`ng o`quvchilarning ko`pchiligi maktabga muntazam kechikib keladi. Bola uyda to`yib uxlamaganidan so`ng, darslarda charchab qolishi, tez uyqusi kelishi kuzatiladi. Bu esa darslarni o`zlashtirishga ta`sir qiladi.

Uzoq hududlardan qatnaydigan ota-onalar farzandlarini maktabdan olib ketishda ham qiynalishadi. Ya`ni dars tugaganidan so`ng o`z vaqtida olib ketolmaydi. Bola maktabda 3-4 soatlab qolib ketadi. Yana uyga kech borganidan so`ng, charchab qolgan bolalar uyga vazifalarni tayyorlashda qiynalishadi.

Albatta, har bir ota-ona farzandini yaxshi maktabga berishni xohlaydi. Aksariyat holatlarda ota-onalar qo`ni-qo`shnisidan, maktab atrofida turadigan qarindosh-urug`laridan eshitib, o`sha maktablarga berishga intiladi. Aslida barcha maktabda davlat ta`lim standartlari, o`quv dasturlari, darsliklari bir xil, barcha joyda ta`lim bir xilda olib boriladi.

Xalqimiz orasida bir gap bor: “Eng yaxshi maktab bu — uyning oldidagi maktab”. Chunki bola maktabga mahalladagi o`rtoqlari bilan birga borib-keladi, birga dars tayyorlaydi. Ota-onalar maktab bilan doimiy aloqada bo`lishadi. O`quvchi ta`lim-tarbiya jarayonida ham mahalla nazoratida bo`ladi.

Ota-ona ham xavotirdan yiroq bo`ladi. O`zi ishda bo`lib, xayoli farzandida bo`ladigan ota-onalar har soatda qo`ng`iroq qilib, qachon dars tugashi, qachon uyga etib kelishidan xavotir olib o`tirmaydi", deyiladi vazirlik izohida.

Boshqa yangiliklar