AsosiyJamiyat

Qoraqalpog`istonda urush qatnashchisining muammosini harbiy qism hal qilib beradigan bo`ldi (Video)

'Qoraqalpog`istonda urush qatnashchisining muammosini harbiy qism hal qilib beradigan bo`ldi (Video)'ning rasmi

Insoniyat boshiga daxshatli yo`qotishlar, talafot va musibatlar keltirgan Ikkinchi jahon urushining oqibatlari hech qachon unutilmaydi. Urushda mard va fidoyi vatandoshlarimizning ko`rsatgan qahramonligi, ularning jasorati esa bugun o`sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlikka undaydi.

Ijodiy guruhimiz bilan bu galgi safarimiz bilan Qoraqalpog`iston Respublikasining Nukus shahridan 80 km.dan olisroq manzilga, ya`ni Chimboy tumanining “Usta” ovulida osoyishtalikka shukrona keltirib yashayotgan 96 yoshli Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Tureniyaz ota Abulovning xonadonida bo`ldik.

Nukus harbiy gospitali mutaxassislari hamda garnizondagi harbiy qismlardan birining harbiy xizmatchilari bilan olis manzil tomon yo`l olar ekanmiz, hammaning hayolidan kinolarda ko`rgan, kitoblarda o`qigan urush daxshatlari o`tardi. Janggohlarda vatandoshlarimizning qahramonliklari haligacha turli manbalar orqali to`ldirilayotgan bo`lishiga qaramasdan, ota-bobolarimizning g`alabaga qo`shgan hissasi ayon.

Tuman markazidan ancha uzoqlashgach, ovul tomon eltadigan loy aralash yo`limizdan yomg`irli kechadan keyin o`tish birmuncha mashinamizga qiyinchilik tug`dirganday bo`ldi. Nihoyat qahramonimiz uyi oldiga etib keldik. Juda olis ovullardan biri ekaniga bu erga kelmaguncha ishonmas ekansiz.

Sovg`a-salomlar, urush qatnashchisining sog`ligi va turmushi uchun zarur bo`lgan tibbiyot vositalari bilan kirib kelgan tashabbuskor guruhni Tureniyaz otaning kenja farzandi Imonboy aka hayrat bilan qarshi oldi.

1943 yilda, aynan Ikkinchi jahon urushi avjiga chiqqanida frontga otlangan otaxon bir oylik harbiy tayyorgarlikni o`tab, Ukraina ostonalaridagi janggohlarda kelajak uchun, bugungi tinchlik va xotirjamlik uchun fashizmga qarshi kurash olib bordi. U nafaqat yurtimiz yoki sobiq ittifoqda tinchlik o`rnatish uchun, balki butun dunyoda xotirjamlikni ta`minlash uchun janggohlarda qon yutib, bostirib kelayotgan vaxshiy dushman zarbini qaytarishda ishtirok etdi.

Tureniyaz otaning jasoratlari, qahramonliklari haqida ko`p ma`lumot qolmagan bo`lsada, 1944 yilning yanvar oyida dushman bosqinlaridan birida otaxon boshiga tekkan o`qdan og`ir tan jarohatini olib, gospitalda bir oy davolangani va undan keyin xizmatga noloyiq deb topilib, uyga qaytarilgani ma`lum. Xizmatdan olingan og`ir jarohat haligacha faxriyga azob berib, o`sha mash`um kunlarni eslashga majbur qiladi.

  Urush faxriysi harbiy xizmatdan keyin ona Vataniga qaytib, shu erda O`lmasxon aya bilan turmush quradi va baxtli hayot kechiradi. 2015 yilda onaxon olamdan o`tadi. Tureniyaz ota turmush o`rtog`i bilan 5 nafar o`g`il va 2 nafar qiz farzandni voyaga etkazib, el koriga yaraydigan inson sifatida tarbiyalashdi. Faxriy otaxon ovulning “Olg`a bos” kolxozida tabelchi, keyin brigadir lavozimlarida mehnat qilib, nafaqaga chiqdi. 2018 yildan otaning ahvoli og`irlashib, to`shakka mixlanib qoladi. Tureniyaz ota xozirda Kenja o`g`il bilan uning turmush o`rtog`i Serexan Inyatovaning qaramog`ida. Tuman markaziy tibbiyot muassasasidan doimiy patronaj xizmati sifatida ajratilgan hamshira har kuni ertalabdan kechgacha otaxon sog`ligini nazorat ostida ushlab turibdi.

Shu kuni Nukus harbiy gospitali mutaxassisi, qabul diagnostika bo`limi boshlig`i, tibbiy xizmat kapitani Botirali Najimov va hamshira Dilfuza Bekbergenova tomonidan otaxonning ichki a`zolari mobil ultratovush tekshiruv apparati yordamida tekshirildi. Harbiy gospital tomonidan nuroniy otaxonga bir dasta dori-darmon vositalari topshirildi. 

Mana bir necha yildirki oila toza ichimlik suvi yo`qligi sabab qiynalib qolishgan. Tureniyaz otaning yaqinlarining bu murojaati Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birining qo`mondonligi tomonidan hal etilishi bo`yicha so`z berildi. Endi otaxonga, olis manzil bo`lishiga qaramay harbiy qismda filtrlanadigan toza ichimlik suvi mas`ullar tomonidan har hafta keltiriladigan bo`ladi. 

Abulovlar istiqomat qilayotgan ovulda 30 ga yaqin xonadon bor. Ammo ovul 2016 yildan beri tabiiy gaz ta`minotidan butkul uzilgan. Aholi o`tin yoqib uy isitishadi, sovuq va issiq kunlarda o`choqlarda ovqat tayyorlashadi. Oilaning yana bir muammosi mutasaddi tashkilotlar tomonidan tez kunlarda ijobiy hal bo`lishiga ishonchimiz komil.

Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Boshqa yangiliklar