Sog`liqni saqlash tizimida korrupsiyani oldini olish bo`yicha o`tkazilgan Respublika idoralararo komissiyasi yig`ilishi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi va viloyatdagi har bir tibbiyot muassasalari tomonidan “Yo`l xarita”lari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.
Ushbu “Yo`l xarita”laridagi tadbirlar va vazifalar viloyat prokuraturasi organlari tomonidan alohida nazoratga olingan.
O`tkazilgan nazorat tadbirlari davomida pulli xizmat ko`rsatishdan 2020 yil yanvar oyida 2019 yil dekabr oyiga nisbatan 996 mln. so`m ko`p pul mablag`lari kirim qilinishiga erishildi.
Shu bilan birgalikda, o`rganishlarda ayrim tibbiyot muassasalari mansabdor shaxslari tomonidan pulli xizmat ko`rsatishdan tushgan pul mablag`lari talon-toroj qilinganligi holatlari ham aniqlanib, ushbu holatlar yuzasidan 2 ta jinoyat ishi qo`zg`atildi va javobgarlikning muqarrarligi ta`minlandi.
Dori-darmon vositalaridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan 44,6 mln. so`mlik kamomad, 491 mln. so`mlik ehtiyojdan ortiqcha vositalar foydalanilmasdan kelinayotganligi, 7,4 mln. so`mlik dori vositalari maqsadli ishlatilmasdan yo`q qilinganligi aniqlanib, qonun buzilishi holatlari yuzasidan joylarga 9 ta taqdimnoma kiritildi, 10 nafar shaxslar intizomiy, 10 nafari esa ma`muriy javobgarlikka tortildi.
Bundan tashqari, muassasalarda oziq-ovqat mahsulotlarini maqsadli ishlatilishi o`rganilganida, 7,5 mln. so`mlik 188 kg go`sht mahsulotlari veterinariya ma`lumotnomasi va xulosasi mavjud bo`lmasdan, 2,3 mln. so`mlik 84 kg oziq-ovqat mahsulotlari iste`mol muddati o`tgan holda sotib olinganligi, 2 ta tarozilar qiyoslovdan o`tkazilmaganligi aniqlanib, o`rganishlar davomida ushbu holatlar bartaraf etilishi ta`minlandi.
Tibbiy-mehnat ekspertiza komisiyalari tomonidan korrupsiya va sansalorlik holatlarini oldini olish uchun hududda nogironlik muddati tugagan 743 nafar shaxslarga qayta nogironlik belgilanishi masalasini qonunda ko`rsatilgan tartibda ko`rib chiqish nazoratga olindi.
Muassasalarda faoliyat ko`rsatuvchi o`rta tibbiyot xodimlarining to`liq stavkaga o`tkazilishi yuzasidan barcha muassasalar tomonidan yillik ish rejalari tasdiqlandi, amalga oshirilgan ishlar natijasida 0.25 stavkadagi xodimlar soni 177 nafarga hamda 0.75 stavkadagi xodimlar soni 82 nafarga kamaytirilishiga erishildi.
3 ta tibbiyot muassasasida shtat-smeta hujjatlarining to`g`ri tuzilganligi o`rganilib, 70 mln. so`mlik byudjet mablag`lari maqsadsiz sarflanishining oldi olindi.
Bundan tashqari, viloyatda surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo bo`lgan hamda ruhiy-asab kasalliklari bilan “D” nazoratiga olingan bemorlarning ro`yxati shakllantirilib, ularning 140 nafari davolash uchun yotqizilishi, 3 582 nafariga tibbiy yordam ko`rsatilishi ta`minlandi.
Hozirda viloyat prokuraturasi organlari tomonidan tibbiy xizmat ko`rsatish sifatini oshirish va sohada korrupsiyaning har qanday holatlarini oldini olish borasida tadbirlar davom ettirilmoqda.






